Imtihonlar shaffof va yuksak tayyorgarlik asosida o‘tdi
Sirdaryo viloyatida "Jasorat maktablari"ning 5-sinfiga o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha birinchi bosqich test sinovlari ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida yuqori saviyada tashkil etildi.
Respublika bo‘ylab bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan imtihonlarda nomzodlar ona tili va matematika fanlaridan test sinovlarini topshirishdi. Sirdaryo viloyatida test jarayonlari Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat hududiy bo‘limi binosida barcha tashkiliy-huquqiy talablarga muvofiq amalga oshirildi.
Joriy yilgi qabul jarayonida viloyatning 11 ta shahar va tumanidan jami 1118 nafar 5-sinf o‘quvchisi ishtirok etdi. Imtihonlarni tashkil etishda xavfsizlik choralarini ta’minlash, belgilangan tartib-intizomga qat’iy rioya qilish hamda baholash jarayonining ochiq va shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Barcha auditoriyalar zarur texnik vositalar bilan jihozlanib, ishtirokchilar uchun teng va xolis shart-sharoitlar yaratildi.
Qabul jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida ota-onalar uchun ham qulaylik yaratildi. Ular farzandlarining imtihon topshirish jarayonini onlayn tarzda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu esa baholash jarayonining adolatli va xolis o‘tayotganiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/30185]
— Bugun o‘g‘lim Boburjonni "Jasorat maktabi"ga kirish imtihoniga olib keldim. Jarayonlar yuksak darajada tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, ota-onalar uchun onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgani bizga katta xotirjamlik bag‘ishladi. Bu farzandlarimizning bilimi xolis baholanayotganiga bo‘lgan ishonchimizni yanada oshirdi. Barcha bolalarga omad tilayman. Ularning orasidan munosiblari saralanib, kelajakda Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli va jasur yoshlar yetishib chiqishiga ishonaman, — deydi gulistonlik Nazira Meliyeva.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, imtihon jarayonlarini tashkil etishda belgilangan talablarga qat’iy amal qilindi. Barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratilgani bilimli, iqtidorli va salohiyatli o‘quvchilarni xolis saralab olishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, Sirdaryo viloyatining 11 ta shahar va tumanida faoliyat yuritayotgan "Jasorat maktablari"ning har biriga 26 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Saralash jarayonlari bir necha bosqichda amalga oshirilib, unda nomzodlarning bilim darajasi, intellektual salohiyati, mantiqiy fikrlash qobiliyati va umumiy tayyorgarligi har tomonlama baholanadi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra eng munosib nomzodlar "Jasorat maktablari" safiga qabul qilinadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA