Import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimdagi yangi korxonalardan biri “Tashkent Polymer Syntez” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni hamda mahsulotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Yuqori Chirchiq tumaniga press-tur tashkil etildi.
Dastlab “Tashkent Polymer Syntez” MCHJ faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Mazkur korxona MDH mamlakatlari ichida KMS va PAS ishlab chiqaruvchi eng yangi, zamonaviy, yuqori ishlab chiqarish texnologiyalarini qo‘llovchi va jadal rivojlanayotgan korxona hisoblanadi.
Bu yerda yiliga 5 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish quvvatlarining dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun 6 million dollar miqdorida sarmoya sarflangan. Shuningdek, korxona 2022 yilda texnik mahsulot ishlab chiqarish quvvatlarini ikki hissa oshirish va kelajakda KMS va PAS mahsulotlarining neft va gaz, qurilish, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalarida juda xaridorgir bo‘lgan sof markalarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Bu orqali kelgusida MDH mamlakatlari orasida sohada yaqqol peshqadamga aylanish korxona jamoasining asosiy maqsadidir.
Hozirgi kunda korxonada ishlab chiqarilayotgan reagentlar mamlakatimizga shu kungacha import qilingan mahsulotlarning o‘rnini bosadi. Korxona joriy yildan Rossiya va Qozog‘istonga o‘z mahsulotini eksport qilishni boshladi. Aytish joizki, korxona mahsulotlari o‘zining sifati va narxi raqobatbardosh ekani bilan qo‘shni mamlakatlar bozorida xaridorgir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar KMS bu – Karboksimetilsellyuloza va PAS – polianionik sellyulozadir. Bu mahsulotlar suvda eruvchan sellyuloza efirlari guruhiga mansub bo‘lib, paxta sellyulozasi asosida chuqur kimyoviy sintez qilish yo‘li bilan olinadi. Paxta sellyulozasi o‘z navbatida bizning mamlakatimizda paxta yetishtirish qoldiqlari – paxta lintidan olinadi.
bugungi kunda korxona KMS va PASning 7 turdagi texnik markalarini ishlab chiqarmoqda. Bu esa shu soha iste’molchilarining aksariyat talabini qondiradi. Jumladan, shu turdagi mahsulotlar neft va gaz konlarini burg‘ilashda, suv filtratsiyasini kamaytiruvchi hamda burg‘ilash qorishmasining reologik xususiyatlarining modifikatori sifatida ishlatiladi. Shu bilan birga, sintetik kir yuvish kukunlari va suvda eruvchan bo‘yoqlar ishlab chiqarishda, qurilish sohasida yelimlovchi asos sifatida hamda gulqog‘oz yopishtirish uchun keng foydalaniladi.
Press-turda jurnalistlar korxona laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi. Bu yerda soha mutaxassislari ilm-fan yutuqlarining so‘nggi texnologiyalaridan foydalanish, zamonaviy talablar asosida puxta tahlillar o‘tkazish imkoniyatiga ega. Laboratoriyada eng zamonaviy API (Amerika neft instituti) hamda ISO 13500-2008 standartlari asosida tahlillar o‘tkazilmoqda.
A.Musayev, O‘zA