Import o‘rnini bosuvchi katalizatorlar yaratildi
Respublikada mahalliy xom ashyolar asosida import o‘rnini bosuvchi katalizatorlar yaratilgani haqida O‘z FA matbuot xizmati rahbari Mohira Jumanova xabar beradi.
Vodorod sulfidi va boshqa oltingugurtli birikmalar zaharli hisoblanadi va ularni tabiiy gaz tarkibida qoldirish yoki yoqib yuborish og‘ir ekologik oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun tabiiy gaz tarkibidagi oltingugurtli birikmalar bir nechta texnologik bosqichlar yordamida ajratib olinadi va oltingugurtga aylantiriladi. Vodorod sulfididan oltingugurt olish (klaus) jarayonida alyumoksidli katalizatorlar keng qo‘llaniladi. Oltingugurtning hosil bo‘lish unumi katalizator samaradorligiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti «Kimyoviy texnologiya, gazni qayta ishlash va SFM» laboratoriyasi olimlari Muborak gazni qayta ishlash zavodi mutaxassislari bilan hamkorlikda mahalliy xom-ashyolar asosida olingan import o‘rnini bosuvchi alyumoksid katalizator tajriba sanoat sinovidan o‘tkazildi va ijobiy natijalar olishga erishildi. Alyumoksid katalizator ishlab chiqarishga joriy etish uchun tavsiya qilindi.
Birgina Muborak gazni qayta ishlash zavodining alyumoksidli katalizatorga yillik ehtiyoji taxminan 200-250 tonnani tashkil etadi. Hozirgi kunda ushbu katalizator Rossiya, Xitoy kabi bir qator davlatlardan tonnasi 1 000 - 1 200 dollardan import qilinmoqda. Mahalliy xom-ashyolardan olinadigan katalizatorning tannarxi esa 300-400 dollar atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
D.Mamatova,O‘zA