Import emas, mahalliy ishlab chiqarish muhim
Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali import o‘rnini bosadigan mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish asosiy talablardan hisoblanadi.
Shu bois keyingi yillarda bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, tarmoqlar va hududlar doirasida mahalliylashtirish dasturlari qabul qilinib, zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mahalliylashtirish dasturida ishtirok etayotgan korxonalarga davlat tomonidan bir qator imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. Jumladan, mahalliy sanoat mahsulotlarining davlat xaridlarida ishtirokini kengaytirish maqsadida cooperation.uz elektron kooperatsiya portali yaratildi.

Bu ishlar samarasini Samarqand viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning 2024 yildagi mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 64 ta korxonaning 105 ta loyihasi doirasida 2,8 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 114,6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan va 550 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

– Bu yil viloyatimiz mahalliylashtirish dasturida 119 ta loyiha bo‘yicha 2,8 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlash rejalashtirilgan bo‘lib, bu loyihalarning 38 tasi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga va 81 tasi mavjud loyihalarni kengaytirishga qaratilgan, – deydi Samarqand viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. – Xususan, bunda qurilish, farmatsevtika sohalariga alohida e’tibor qaratilgan. Chunki mahaliy mineral va boshqa xomashyo manbalaridan foydalanilgan holda qurilish materiallarini ishlab chiqarishga investitsiya kiritish mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun jozibador bo‘lib qolmoqda. Viloyatimizda bu yo‘nalishda juda katta imkoniyat bor. 185 ta noruda konlarda 3,2 million tonna kaolin, 17,6 million tonna ohaktosh, 149 million metr kub tabiiy pardozbop toshlar, 61 million tonna gips va angidrid, 1,6 million tonna dala shpati, 10,2 million tonna shisha va 537 million tonna sement xomashyosi mavjud. Farmatsevtika sohasi haqida gapirganda shuni qayd etish lozimki, respublikamiz bo‘yicha dori vositalari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadigan korxonalarning katta qismi viloyatimizda joylashgan bo‘lib, ular tomonidan 2024 yilda 255,2 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari import qilingan va bu 2023 yilga nisbatan 11,9 foizga o‘sgan. Bu raqamlarni qisqartirish, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hozir viloyatimizdagi “SAMARKAND ENGLAND ECO MEDICAL” qo‘shma korxonasida infuzion va tabletka shaklidagi dori vositalari, “OPTIMA SOBIRJON” MCHJ da tibbiyot qo‘lqoplari va infuzion sistemalar, “URGUT FORTUNA MEDICAL” korxonasida suyuq shaklidagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarilib, ularning assortimentini kengaytirish ustida ishlar olib borilmoqda.

Import qilingan mahsulotlar tarkibi o‘rganilganda xorijdan ko‘proq texnologiyalar va butlovchi buyumlar olib kelinayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ayni paytda tadbirkorlarimiz loyihalarni amalga oshirish jarayonida bu mahsulotlarni ham o‘zimizda ishlab chiqarishni o‘zlashtirishayotgani quvonarli.
N.Ibragimovning qayd etishicha, keyingi yillarda Samarqanddagi yirik sanoat korxonalaridan biriga aylanib borayotgan “AZIA METALL PROF” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarish binolarini qurishda zarur bo‘lgan sendvich panellarni shu yerda tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Korxona ta’sischilari o‘z ehtiyojlariga yarasha sendvich panellarni ishlab chiqargandan so‘ng bu faoliyatni to‘xtatib qo‘ymasdan, qo‘shimcha tarmoq sifatida davom ettirdi va hozir ushbu mahsulotlar qurilish korxonalariga yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, yangi sexlar uchun zarur bo‘lgan metalldan tayyorlanadigan konstruksiyalar ham import qilinmasdan, ishlab chiqaruvchi chizmalari asosida shu yerda tayyorlandi. Bu orqali korxona uchun yana bitta biznes yo‘nalishi – buyurtma asosida metall konstruksiyalarni tayyorlash xizmati paydo bo‘ldi.
Umuman, viloyatda 2025 yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshiriladigan 1,4 milliard dollarlik 108 ta loyihani amalga oshirishda mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 432 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri