Ma’lumki, yurtimizda alloma va mutafakkirlarimizning boy merosini tadqiq va targ‘ib etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 martdagi «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida bugungi kunda ushbu buyuk allomaning hayoti va ilmiy merosi yanada chuqur o‘rganilmoqda. Imom Moturidiy ta’limoti — aql, tafakkur, bag‘rikenglik va mo‘’tadillikni targ‘ib etuvchi bo‘lib, u nafaqat islom ilm-fanida, balki insoniyat taraqqiyotida ham dolzarb ahamiyatga ega.
Qarorda moturidiylik ta’limotining bag‘rikenglik va mo‘’tadil tamoyillari xalqimiz va jahon jamoatchiligi orasida keng targ‘ib qilinishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, allomaning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash kabi muhim maqsadlar belgilangan.
Abu Mansur Moturidiy kalom, fiqh va tafsir ilmlarining yetuk bilimdoni sanaladi. Alloma 870 yilda Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog‘i, hozirgi Jomboy tumanida tavallud topgan. Manbalarda olim «Hidoyat imomi», «Kalom olimlarning yetakchisi» sifatida e’tirof etiladi. Uning ilmiy qarashlari asos bo‘lgan moturudiylik ta’limoti aqidaviy masalalardagi tushunmovchiliklarga aniqlik kirituvchi mustahkam ilmiy asoslarga ega.
Uning «Kitobat-Tavhid», «Ta’vilot al-Qur’on», «Kitob al-maqolot», «Kitob al-jadal», «Kitob moaxaz ash-sharo‘i» kabi asarlarida aqida va fiqh masalalariga oid chuqur qarashlari bayon etilgan. Alloma 944 yilda vafot etgan va Samarqanddagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Alloma vafotidan so‘ng Abu Lays Samarqandiy, Abul Barakot an-Nasafiy, Imom Pazdaviy, Abulmu’in an-Nasafiy kabi olimlar u haqida o‘z asarlarida keng to‘xtalib o‘tgan. Jumladan, shogirdi Abulmu’in an-Nasafiyning «Tabsirat al-adilla» asarida Imom Moturidiy va uning ta’limoti haqida muhim ma’lumotlar mavjud.
Madaniy meros agentligi ma’lumotiga ko‘ra, agentlik tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida Imom Moturidiy qalamiga mansub 45 ta qo‘lyozma asar aniqlanib, ro‘yxati tuzilgan. Ushbu qo‘lyozmalar Buyuk Britaniya, Germaniya, Misr, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Suriya va Turkiya kabi mamlakatlarda saqlanmoqda.
Xususan, «O‘zbekistonga oid Al-Azhar universiteti kutubxonalaridagi qo‘lyozmalar reyestri»da Moturidiylik ta’limotiga oid 300 dan ortiq qo‘lyozma haqida ma’lumotlar jamlangan.
Bu esa yurtimiz olimlarining ilmiy merosi musulmon olamida yuksak qadrlanishini ko‘rsatadi.
Ulug‘ mutafakkir allomaning dinlararo, mazhablararo totuvlik g‘oyalari, ezgulikka yo‘g‘rilgan asarlari nafaqat yurtimiz, balki butun jahonda barqaror tinchlikni qaror toptirishda dasturilamaldir.
A.RUSTAMOV, O‘zA