Milliy matbuot markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 6 oylik faoliyati va yilning ikkinchi yarmidagi rejalari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanda markaz direktori Shovosil Ziyodov sohada amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida “Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya”si tanlovining xorijiy tadqiqotchilardan iborat 3 nafar g‘olibi markazda stajirovka o‘tadi.

Markaz Avstriya Fanlar akademiyasi huzuridagi Eronshunoslik instituti, Qozog‘iston Respublikasi R.Suleymenov nomidagi Sharqshunoslik instituti va Moskva shahridagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar mahalliy diniy muassasasi bilan 3 ta Anglashuv memorandumini imzoladi.
Markaz tomonidan nashr qilingan kitoblarning Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti qoshidagi Islom tadqiqotlari akademiyasi, Al-Azhar kutubxonasi va Arab qo‘lyozmalari instituti, Samarqand shahrining Registon maydonidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida bir qator xalqaro taqdimotlari o‘tkazildi.
Shuningdek, Bruney Darussalom islom universiteti huzuridagi Ahli sunna val jamoa tadqiqotlar markazi, Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh texnologiya universiteti, Turkiyaning Marmara universiteti, Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda o‘ndan ortiq ilmiy-ma’rifiy seminar o‘tkazildi.

Yurtimizda kitob fondlarida saqlanayotgan islom ta’limoti, tarixi va madaniyatiga oid qo‘lyozma asarlarni dolzarbligi bo‘yicha tasniflash va ularni o‘rganish, O‘rta Osiyodan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asarlarini jamlash va tadqiq etish yo‘nalishida tizimli ishlar qilindi. Joriy yilning yarmida Imom Buxoriy qalamiga mansub 22 nomdagi asarlarning 3 ming 296 ta qo‘lyozma nusxasi dunyoning 41 ta mamlakatidagi 260 ta kutubxona fondlarida saqlanayotgani aniqlandi va davlatlar kesimida reyestri tuzildi.

Imom Buxoriyning “Jomi’ as-sahih” asarining xorijiy davlatlar qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan 60 ta qo‘lyozma nusxalarining elektron varianti yuklab olindi. “Jomi’ as-sahih” asarining 18 ta qo‘lyozma nusxasi hamda markaz fondida saqlanayotgan 76 ta qo‘lyozma asar annotatsiyasi tayyorlanib, ulardan 36 tasi markaz saytiga joylashtirildi.
Turkiya, Saudiya Arabistoni, Hindiston kutubxona fondlarida saqlanayotgan 260 ta qo‘lyozma asarning ro‘yxati shakllantirildi. Turkiya, Yaponiya va Germaniya kutubxona fondlaridagi 340 ta qo‘lyozma asar nomi, muallifi, turi, saqlanayotgan kutubxonalar aniqlandi va ma’lumotlar asosida ro‘yxati shakllantirildi.

Markaz qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan 24 ta kitobning elektron nusxasi tayyorlandi.
Ulug‘ alloma va mutafakkirlarimiz qalamiga mansub 17 ta asar tarjima va tahrir qilinib, nashrga tayyorlandi. Jumladan, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy” kitobi, Alouddin Kosoniyning “Kosoniy e’tiqodi” va Abu Ja’far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoyili Buxoriy” risolalari kabi 3 ta kitob va risola nashr qilindi.
Imom Buxoriy “Tarixus sag‘ir” kitobi (600 bet), “Xolqu af’olil ibod var raddu alal jahmiyati va ashobit ta’til” kitobi (150 bet), Sayyid Abdulmajid G‘uriy “Mu’jamul mustalahatul hadisiyya” (Hadis ilmi istilohlari ensiklopediyasi) kitobi (500 bet), A’lo Buxoriyning “Risola fil aqoid”, Abu Azabaning “Ravzatul bahiyya fiymaa baynal ash’ariya val moturidiya” risolalari tarjima qilindi va nashrga tayyorlandi.
Haysam ibn Kulayb Shoshiy “Musnadi Shoshiy” (1 jild) kitobi saylanma (300 bet), Abul Barakot Nasafiyning “Tafsiri Nasafiy” kitobi (500 bet), Abu Lays Samarqandiyning “Tafsiri Samarqandiy” kitobi tarjima qilindi. Shayx Mustafo Ibrohim Haqqiyning “Raddul baloa bis sadaqa” risolasi (60 bet), Abu Hafs Umar Nasafiyning “Taysiri fit tafsir” kitobi (80 bet), Vahba Zuhayliyning “Muslimning xulqi” risolasi (50 bet), Muhammad Shokirning “Go‘zal xulq to‘g‘risida nasihat” risolasi (40 bet), Sayyid Muhammad Alaviyning “G‘uluvga ketishning salbiy oqibatlari” risolasi (70 bet), Navvor ibn Shilliyning “Jamiyatdagi salbiy illatlar va ularning yechimlari” risolasi (70 bet) kabi 9 ta kitob va risola tarjima qilindi.
N.Usmonova, O‘zA