Imkoniyatlar yo‘li: Toshkentda ijtimoiy festival start oldi
2026-yil 12–13-may kunlari "O‘zekspomarkaz" majmuasida III an’anaviy “INSON UCHUN 2026” festivali bo‘lib o‘tmoqda. Yirik ijtimoiy tadbir davlat, biznes va jamiyatni birlashtirgan holda inklyuziv iqtisodiyot, ijtimoiy himoya va teng imkoniyatlar g‘oyasini ilgari suradi.
Festival ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy xizmatlar va inson kapitaliga qaratilgan tashabbuslarni namoyish etmoqda. Unda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, tadbirkorlar, NNTlar, ta’lim muassasalari, hunarmandlar, HR mutaxassislari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirok etmoqda.
Festival doirasida 130 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti, ijtimoiy korxonalar, 20 ta tijorat banki va yirik ish beruvchilar qatnashmoqda. Unda 100 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni, stajirovka va professional rivojlanish imkoniyatlari taqdim etilmoqda.
Festival uchta asosiy hududga bo‘lingan bo‘lib, har biri inson hayotidagi muhim bosqichlarni aks ettiradi.
Birinchi hudud — “Imkoniyatlar yo‘li” deb nomlangan “ATRIUM” maydoni bo‘lib, bu yerda insonning bolalikdan mehnat bozorigacha bo‘lgan rivojlanish jarayoni interaktiv formatda namoyish etiladi. Tashrif buyuruvchilar inklyuziv ta’lim, kasbiy rivojlanish, ijtimoiy xizmatlar va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy loyihalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
“Job Fair” maydoni esa festivalning eng yirik nuqtalaridan biri sifatida aholining ehtiyojmand qatlamlari, talabalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu yerda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ekspress suhbatlardan o‘tish va karera bo‘yicha maslahat olish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchi hudud — “Abilympics” tanloviga bag‘ishlanadi. 13 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladigan mazkur musobaqada ishtirokchilar o‘z kasbiy mahorati va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etadi. Loyihaning asosiy maqsadi iqtidorli mutaxassislarni aniqlash, ularni ish beruvchilar bilan bog‘lash va inklyuziv mehnat bozorini rivojlantirishdan iborat.
Shuningdek, “MEDIALAB” hududida ijtimoiy videoloyihalar, hujjatli hikoyalar va inson taqdirlari haqidagi media mahsulotlar namoyish etiladi. Bu maydon ijtimoiy himoya tizimidagi o‘zgarishlarni inson taqdiri orqali ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Uchinchi hudud — ijtimoiy tadbirkorlik va savdo yarmarkasi bo‘lib, bu yerda hunarmandlar ishlari, inklyuziv startaplar, ijtimoiy korxonalar mahsulotlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar taqdim etiladi. Tashrif buyuruvchilar nafaqat mahsulotlar bilan tanishishi, balki ularni xarid qilishi ham mumkin bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA