Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatning bir qismi hisoblanadi va ularga ma’lum qiyinchiliklarni yengib o‘tish, qobiliyatlarini namoyon etishda yordam berish, ularning yanada to‘laqonli hayot kechirishlarini ta’minlash dolzarb masalalardan biri.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishini qo‘llab-quvvatlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijtimoiylashtirish, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish va mehnat bozorida ularning o‘rnini mustahkamlash maqsadida ilk bor “Imkoniyatlar olimpiadasi” kasblar bellashuvi tashkil etilmoqda.

“Imkoniyatlar olimpiadasi” ishtirokchilari fotografiya, AKT (axborot-kommunikatsiya texnologiyalari), mobilografiya, rassomchilik, kashtachilik, kulolchilik, qandolatchilik, tornachilik, duradgorlik hamda quruq qurilish ishlari kabi 10 ta yo‘nalish bo‘yicha bellashmoqda.
Tanlovda 389 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ishtirok etish istagida maxsus platformada ro‘yxatdan o‘tgan.

“Imkoniyatlar olimpiadasi” 2025 yil 21 apreldan 1 mayga qadar Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda. Yakuniy bosqich va taqdirlash marosimi 1-2-may kunlari tashkil etiladigan “Inson uchun” respublika yarmarkasi doirasida bo‘lib o‘tadi.
Tanlov doirasida barcha viloyatlardan 50 nafar ishtirokchi tashrif buyurdi. Eshitish, ko‘rish, tayanch-harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan – turli shakldagi nogironligi bo‘lgan ishtirokchilar Axborot - kommunikatsiya texnologiyalari hamda fotosuratga olish kabi ikki yo‘nalish bo‘yicha bellashdi.

Ishtirokchilar AKT yo‘nalishi bo‘yicha Word, Excel va PowerPoint dasturlaridagi ko‘nikmalarini namoyish etdi. Ular topshiriqlarni aniq, o‘ziga ishonch bilan va tezda bajardi. "Fotografiya" yo‘nalishi bo‘yicha ishtirokchilar kamerani sozlash, yorug‘lik bilan ishlash, uskunalarni yig‘ish va 3-5 ta har xil plandagi turli kadrlar yaratish kabi shartlarni ado etdi.

Tanlovning ikkinchi kunida ishtirokchilar “Tasviriy san’at” yo‘nalishi bo‘yicha “Mening shahrim” mavzusini ochib berish vazifasini bajardi. Ishlar kompozitsiya, bajarilish texnikasi, ranglarning uyg‘unligi, mavzuga muvofiqligi va batafsil tasnifi kabi 5 ta mezon bo‘yicha baholandi.

Tanlov ishtirokchilari mobilografiya va tasviriy san’at bo‘yicha o‘z mahoratlarini ko‘rsatib berdi.
Birinchi bosqich natijalariga ko‘ra, 1 may kuni bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yo‘l oladigan 8 nafar g‘olib aniqlandi.
Tanlov davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA