Imkoniyatlar kengayib, sifat oshmoqda
Sirdaryoda perinatal xizmat sifatini oshirish, homilador ayollar salomatligini muhofaza qilish va hayoti xavf ostida bo‘lgan chaqaloqlarga o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyat hududiy filialida zamonaviy tibbiy texnologiyalar va yangi uskunalardan samarali foydalanish, malakali mutaxassislar salohiyatini oshirish orqali murakkab holatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Zero, ona va bola salomatligi jamiyatning ertangi kunini belgilaydigan muhim mezonlardan biridir.
Ayniqsa, chaqaloqlar reanimatsiyasi hamda xasta va chala tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani perinatal xizmat imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirdi. Muddatidan oldin tug‘ilgan, tug‘ma nuqsonlar yoki turli kasalliklar bilan dunyoga kelgan chaqaloqlar bu yerda kechayu kunduz tibbiy nazoratga olinadi. Zarur hollarda ularga intensiv davolash va reanimatsion yordam ko‘rsatiladi.
— Perinatal xizmatdagi asosiy maqsadimiz — ona va chaqaloq hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatlarni erta aniqlash va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish. Ayniqsa, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlar alohida e’tibor va parvarishni talab etadi. Shuning uchun reanimatsiya va xasta chaqaloqlar bo‘limlarida zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida har bir bolaning holati individual tarzda nazorat qilinadi. Asosiy vazifa nafaqat chaqaloq hayotini saqlab qolish, balki uning keyingi o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdan iborat, — deydi filial direktori Shahlo Xojayeva.
Bugun filialda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda kuvezlar, fototerapiya lampalari, kardiomonitorlar, CPAP apparatlari, sun’iy o‘pka ventilyatsiyasi qurilmalari va infuzion nasoslardan samarali foydalanilmoqda.
Moddiy-texnik bazani mustahkamlash maqsadida “Ishonch 2030” loyihasi doirasida viloyatdagi 11 ta tug‘ruq bo‘limiga 23 turdagi 253 dona tibbiy jihoz yetkazib berildi. Bu esa homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
[gallery-31111]
Filialga umumiy qiymati 640 million so‘mlik “Cell Saver” bemor qonini autogemotransfuziya qilish apparati olib kelingani ham murakkab jarrohlik amaliyotlari samaradorligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu texnologiya qon yo‘qotishni kamaytirish va operatsiya jarayonida bemorga zarur tibbiy yordamni samarali tashkil etish imkonini beradi.
Aslida, perinatal xizmat sifati tug‘ruq jarayonidan ancha oldin — ayolning homiladorlikka tayyorgarligi va salomatlik holatini baholashdan boshlanadi. Shu nuqtai nazardan, viloyatda tug‘ish yoshidagi ayollarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasalliklarni erta aniqlash va ularni sog‘lomlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda.
Eng muhimi, tug‘ish yoshidagi ayolning 98 foizdan ortig‘i chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida 79 139 nafar ayolda turli ekstragenital kasalliklar aniqlanib, ularning 96,2 foizi sog‘lomlashtirish choralari bilan qamrab olindi.
— Bugun tibbiyotda kasallikni davolash bilan bir qatorda, uning oldini olish va xavf omillarini barvaqt aniqlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Shuning uchun homiladorlikdan oldin ayollarning salomatligini baholash, aniqlangan kasalliklarni davolash va xavf guruhiga kiruvchi bemorlarni alohida nazoratga olish muhim. Bu jarayonni birlamchi tibbiy bo‘g‘in bilan uzviy hamkorlikda tashkil etyapmiz, — deydi Shahlo Xojayeva.
Ona va bola salomatligini muhofaza qilishda genetik diagnostika va skrining xizmatlari ham muhim o‘rin tutadi. Filialda zamonaviy genetik laboratoriya faoliyat yuritib, zarur tahlillar bilan birga tibbiy-genetik maslahat xizmatlarini ham ko‘rsatmoqda.
— Irsiy va tug‘ma kasalliklarni qanchalik erta aniqlasak, ularning og‘ir asoratlarini shunchalik samarali nazorat qilish imkoniyati oshadi. Shu bois oilaviy anamnezni o‘rganish, zarur hollarda genetik tekshiruvlardan o‘tish va homila rivojini muntazam nazorat qilish muhim. Bu borada genetik shifokorlar, akusher-ginekologlar va boshqa mutaxassislar hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan, — deydi filial direktori.
Filial mutaxassislarining respublika markazi bilan yaqin hamkorligi ham murakkab holatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Ilgari ayrim murakkab holatlarda bemorlarni poytaxtga yuborish zarurati tug‘ilgan bo‘lsa, bugun tajribali mutaxassislar ishtirokida qator murakkab va yuqori texnologik amaliyotlarni viloyatning o‘zida bajarish imkoniyati yaratilmoqda.
Bolalar salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishida ham profilaktika va skrining tadbirlari izchil davom ettirilmoqda. Viloyatda 0–18 yoshdagi 147 362 nafar bolaning 99,4 foizi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan 26 167 nafar bola sog‘lomlashtirildi. Bolalarda onkogematologik kasalliklar va gelmintozlarni erta aniqlash maqsadida skrining tekshiruvlari ham tashkil etilmoqda.
Profilaktika ishlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tibbiy-ma’rifiy xizmatlar mahallalargacha tushirilmoqda. Viloyatda 221 ta mahallada “Sog‘lom oila maslahatxonasi” tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ularning 54 tasi faoliyat yuritmoqda.
Maslahatxonalarda aholiga reproduktiv salomatlik, sog‘lom oila, erta nikohning salbiy oqibatlari, istalmagan homiladorlik, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh hamda irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish va maslahatlar berilmoqda.
Sirdaryoda perinatal xizmatni rivojlantirishda e’tibor faqat tibbiy yordam ko‘lamini kengaytirishga emas, balki uning sifatini oshirishga ham qaratilmoqda. Zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, chala va xasta tug‘ilgan chaqaloqlarga ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish, homiladorlikkacha bo‘lgan davrda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, genetik diagnostika va skrining xizmatlarini rivojlantirish ana shu maqsadning muhim yo‘nalishlaridir.
Bir so‘z bilan aytganda, ona va bola salomatligini asrash — birgina tibbiyot tizimining emas, butun jamiyatning muhim vazifasidir.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA