Mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bor opa-singillarimizga qulay sharoitlar yaratish va ularni kasb-hunarga, bilim olishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buning natijasida ayniqsa, nogironligi bor xotin-qizlar kasb-hunar egallab, o‘zlarini o‘zlari band qilishmoqda, vaqtini mazmunli o‘tkazish barobarida moddiy farovonlik sari intilishmoqda. Imkoniyati cheklangan emas, aslida imkoniyati cheksiz xotin-qizlar qo‘l mehnatlari orqasidan bugun jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishmoqda.
Toshkent shahrida tavallud topgan Feruza Shojonova birinchi guruh nogironi. Tug‘ilgan vaqtida harakatda bo‘lgan, ammo balog‘atga yetganida sekin-asta suyak va muskullarida harakatsizlik boshlangan. Unga miopatiya Verdnig-Goffman tashxisi qo‘yiladi.
Harakati cheklana boshlangan qiz to‘quvchilikni, tikuvchilikni o‘rganadi. Bugungi kunda u bolalar kiyimlari, qo‘g‘irchoq, yumshoq o‘yinchoqlar, ularning kiyimlarini to‘qish va tikish bilan shug‘ullanib keladi. “Hunarmand” uyushmasi Toshkent shahar boshqarmasining taklifi bilan qator ko‘rgazma va yarmarkalarda qo‘l mehnati mahsullari bilan ishtirok etmoqda. Orzu-niyatlari cheksiz, hayotdan umidlari katta bo‘lgan Feruzani suhbatga chorladik:
— Yoshligimdan bolalar kiyimlari, qo‘g‘irchoq, yumshoq o‘yinchoqlar va ularga kiyimlar to‘qish, shuningdek, matodan qo‘g‘irchoqlar tikish bilan shug‘ullanib kelaman. Inklyuziv nogironlar jamiyati taklifi bilan u yerdagi nogironligi bor shaxslarga 2 yil davomida 3 oylik kurslar asosida to‘quvchilikdan dars o‘tib, o‘zimda borini ularga o‘rgatganman. Ko‘rgazma va yarmarkalarda mahsulotlarimiz bilan ishtirok etib, ularni sotamiz. Qolaversa, xorijiy davlatlardan ham buyurtmalar bo‘ladi. Mehnatlarim besamar ketmayapti, hunarim orqali o‘zimning dori-darmonlarimni olishga, qolaversa, oilamiz byudjetiga ham yordam berishga harakat qilaman.
Bugun yurtimizda biz kabi nogironligi bor fuqarolarni qo‘llashga, ko‘maklashishga e’tibor katta. Bundan xursand bo‘laman. Maqsadim bor hunarlarimni xotin-qizlarga o‘rgatish va shu orqali o‘zimdan nom qoldirish, davlatimiz mukofotlarini olishga munosib bo‘lish, — deydi Feruzaxon.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RdH021DLAZA" title="Imkoniyati cheksiz Feruza" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Anvar Ahmedov (video), O‘zA