“Imkon” grant loyihasining navbatdagi g‘oliblari aniqlandi
Yoshlar press-klubida O‘zbekiston Respublikasi Innavatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va “Najot ta’lim” o‘quv markazi hamkorligida “Imkon” grant loyihasining ikkinchi mavsum saralash bosqichi o‘tkazildi.
Imkoniyati cheklangan yoshlarning IT sohasiga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy kasblarni egallashiga ko‘maklashish hamda frilanserlik qobiliyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan loyihada 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 212 nafar talabgor
qatnashish istagini bildirgan.
Saralash jarayonida tashkilotchilar tomonidan asosan talabgorlarning fikrlashi, dunyoqarashi va nega aynan shu yo‘nalishni o‘rganmoqchi ekanliklari e’tiborga olinib, 30 nafar yosh saralab olindi.
Endilikda ular ushbu yo‘nalishda grant asosida bepul o‘qitilib, frilanserlik xizmatlari ko‘rsatish orqali iqtisodiy daromad olish yo‘llarini o‘rganadi.
Loyiha bitiruvchilariga ish boshlashi uchun sertifikat hamda noutbuklar taqdim etiladi. Shuningdek, mas’ul tashkilotlar tomonidan frilanserlik faoliyatini boshlashiga ko‘mak beriladi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA