– Mana diplomni ham oldik, endi filologmiz, lekin maktabga borib ishlagim kelmayapti. O‘qituvchining oyligi, qadri qanaqaligini bilasizku. Maktabdan boshqa qayerda bo‘lsa ham ishlayman, – dedi universitetni bitirib qo‘liga diplom olgan yosh mutaxassis dugonasiga qarab.
– Men esa maktabga borib ishlayman, ota-onamga, ustozlarimga yaxshi o‘qituvchi bo‘laman, deb so‘z berganman, – dedi Gulandom hech ikkilanmay. – Bilaman, muallimlik qiyin, lekin bizga saboq bergan ustozlarimizning chekkan zahmati uchun ham qishloqqa borib, bolalarga dars bermoqchiman.
Ana shu suhbatga ham 23 yil bo‘libdi. Narpay tumanidagi 31-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Gulandom Ochilova 2001 yilda Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini muvaffaqiyatli bitirdi. Bilimi yaxshi, o‘qishni davom ettirib, ilmiy ish qilishi yoki boshqa sohada ishlashi mumkin edi. Ammo u bunday yo‘l tutmadi, o‘zi aytganidek, qishlog‘iga qaytib, maktabda o‘qituvchilik qilishni tanladi. Baxtga qarshi o‘sha yili maktabda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisiga ish yo‘q ekan. “Hozircha yoshlar yetakchisi shtati bo‘sh, istasangiz shu yerda ishlab turing, dars soati bo‘lsa, keyin o‘qituvchilikka olamiz” dedi direktor. Shunda ham u ahdidan qaytmadi va bir yil yoshlar yetakchisi bo‘lib ishlagach, keyin o‘qituvchilik qila boshladi.
– O‘sha paytlarda o‘qituvchilik oson emasligini yaxshi bilardim, – deydi oliy toifali o‘qituvchi Gulandom Ochilova. – Oylik maoshning kamligi, o‘zimizning ishimizdan tashqari zimmamizga turli xil vazifalar yuklatilishi, rosti, o‘qituvchilarni, ishdan sovutib yuborgandi. Shuning uchun endi maktabga ishga kirganimda ayrim o‘qituvchilar “qiynalib qolasiz-da, boshqa ish qilsangiz bo‘lmasmidi” deganlari yodimda. Qishloq sharoitida boshqa nima ish qilishim mumkin? Tumanga qatnab, boshqa bir idorada ishlashga imkoniyatim, qolaversa, xohishim ham yo‘q edi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, maqsadimdan qaytmadim, yaxshi o‘qituvchi bo‘lib, o‘quvchilarga puxta bilim beraman, ularni eng yaxshi mutaxassis bo‘lishga yo‘naltiraman, deb o‘zimga so‘z berdim. Menga dars bergan ustozlarimning tajribalarini o‘rgandim.
Gulandom Ochilova ona tili va adabiyotdan dars berish bilan birga, shu fandan to‘garak tashkil etdi, tanlovlar uyushtirdi, o‘quvchilarning iste’dodini yuzaga chiqarishga intildi. Maktabga og‘rinib emas, ishtiyoq bilan kelar, o‘quvchilardan ham shuni talab qilardi. Uning bu harakatlari tez orada o‘z natijasini bera boshladi. O‘quvchilari tuman miqyosidagi tanlovlar, fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishdi. Dars o‘tish, o‘quvchilar bilan ishlash uslubi boshqa maktablarda ommalashtirildi. O‘quvchisi Ismigul Hasanova uch yil ketma-ket ona tili va adabiyoti bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi” ning tuman bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. 2012-2013 o‘quv yilida shu o‘quvchi tanlovning Samarqand viloyat bosqichida birinchi, respublikada beshinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ustozining aytishicha, Ismigul hozir poytaxtda, universitetni bitirib, ilmiy ish qilayotgan ekan.
– O‘quvchilarimdan Tojiyeva Shahlo beshinchi sinfdan yettinchi sinfgacha “Bilimlar bellashuvi”da uch yil tumanda birinchi, viloyatda esa bir marta uchinchi, bir marta ikkinchi o‘rinni egallagandi, – deydi G.Ochilova. – Yana bir o‘quvchim Ne’matullayeva Muxlisa ham bir necha marta tumanda g‘olib bo‘lgandi. O‘tgan o‘quv yilida u viloyatda ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu yil Toshkent davlat jahon tillari universitetiga o‘qishga kirdi. Hozir ham tez-tez gaplashib turamiz, o‘qishlarini so‘rayman, ko‘proq kitob o‘qishini, intilishdan to‘xtamasligini aytaman. Ustoz uchun shogirdlarining muvaffaqiyati, yuqori natijalarga erishishidan katta baxt yo‘q. Ana shunday paytda barcha charchoqlar, qiyinchiliklar chiqib ketadi. Qolaversa, bir o‘quvchimning yutug‘i uning yana o‘nlab tengdoshlarini ruhlantiradi. Shuning uchun maktabimiz o‘quvchilari ona tili va adabiyoti fani bo‘yicha tuman, viloyat darajasidagi ijodiy tanlovlarda ham, albatta, sovrindor bo‘ladi. Bu o‘quvchilarimizning fanga qiziqishi natijasi deb bilaman.
Bugungi kunda Narpayda mahoratli ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari haqida gap ketsa, Gulandom Ochilova nomi birinchilar qatorida tilga olinadi. Tanlovlarda bu o‘qituvchining shogirdlari qatnashayotgan bo‘lsa, boshqalar hushyor tortadi.
Shogirdlar haqida gap ketar ekan, bugun ushbu maktabda va boshqa ta’lim muassasalarida G.Ochilovadan saboq olib, unga havas qilib, o‘qituvchilik qilayotganlar bor. Muallima ularning bir nechtasi, jumladan, Muhayyo Yunusova, Muborak Isayeva, Oysuluv Tojinorova hamda katta qizi o‘zi bilan birga ishlayotganini aytdi.
– Bugun ko‘p odamlar o‘qituvchilar Prezident aytganidek, ming dollar maosh olyaptimi, deb qiziqadi. O‘zimdan ham shu haqda ko‘p so‘rashadi, – deydi G.Ochilova. – Avvalo, shuni aytishim kerakki, o‘qituvchilik fidoyilikni, tinimsiz mehnat, o‘qish-izlanishni taqozo etadi. Shunday yo‘l tutsangiz, moddiy manfaatdorlik ham shunga yarasha bo‘ladi. O‘qituvchiga dars uchun, sinf rahbarligi uchun, toifasi uchun va yana ko‘plab boshqa mezonlar bo‘yicha qo‘shimcha, ustama va mukofot pullari beriladi. O‘quvchingiz olimpiada va tanlovlarda g‘olib bo‘lsa ham sizga haq to‘lashadi. Keyingi yillarda vazir ustamasi berilyapti. Aytmoqchimanki, yaxshi mehnat qilgan o‘qituvchi 1000 dollardan kam maosh olmayapti.
Gulandom Ochilovadan “Shuncha yutuqlaringiz bor ekan, qanday mukofotlar olgansiz?” deb so‘raganimda muallima “O‘qituvchi bo‘lib elning farzandlariga saboq berayotganim, ustoz deb atashlari eng katta mukofot, deb o‘ylayman. Qolaversa, shogirdlarimning muvaffaqiyatlarini ko‘rish, ularning minnatdorligini eshitish eng katta baxt” deb javob berdi.
G‘.HASANOV,
O‘zA muxbiri