Ilmiy yondashuv va innovatsion hamkorlikning yangi bosqichi
Buxoro viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda xalqaro tajriba va ilmiy yondashuvga tayanish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Misr Arab Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va yerlarni melioratsiya qilish vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ilmiy tadqiqot markazi olimlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy salohiyat va amaliy tajriba almashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini zamonaviy, ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan tarmoqqa aylantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yer unumdorligini oshirish, qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu vazifalar Buxoro viloyati uchun ayniqsa dolzarb. Chunki viloyatning tabiiy-iqlim sharoiti, suv resurslarining cheklanganligi va ayrim hududlarda tuproq unumdorligining pastligi agrar sohada yangicha yondashuvlarni talab etadi. Shu nuqtai nazardan, Misr tajribasi muhim ahamiyatga ega. Qishloq xo‘jaligini suv tanqisligi sharoitida tashkil etish, cho‘l va unumdorligi past yerlardan samarali foydalanish, meliorativ holatni yaxshilash va har bir tomchi suvdan yuqori samara olish borasidagi ilmiy va amaliy yondashuvlar Buxoro sharoiti uchun ham dolzarbdir.

Uchrashuvda ana shu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, suv resurslarini tejash, zamonaviy sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish bo‘yicha Misr olimlari tajribasini o‘rganish yuzasidan fikr almashildi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — uzumchilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish. Bugungi kunda agrar tarmoqda asosiy vazifa nafaqat ko‘proq mahsulot yetishtirish, balki uni qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat yaratish va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirishdan iborat. Shu bois uchrashuvda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bilan bir qatorda ularni chuqur qayta ishlash, saqlash va eksport salohiyatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Chorvachilik sohasida ham hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Jumladan, chorva mollarini sun’iy urug‘lantirish amaliyotini takomillashtirish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, mahsuldor zotlarni ko‘paytirish va zamonaviy seleksiya yutuqlarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
Botir Zaripov qishloq xo‘jaligida barqaror va yuqori natijaga erishishda ilm-fan, innovatsiya va ilg‘or xorijiy tajribaning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

— Bugun qishloq xo‘jaligida samaradorlikka erishish uchun an’anaviy yondashuvning o‘zi yetarli emas. Suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy etish va xalqaro tajribadan samarali foydalanish — sohaning kelajagini belgilaydi, — dedi viloyat hokimi.
Misrning murakkab tabiiy-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligini tashkil etish, suv tanqisligi sharoitida mahsuldorlikni oshirish va yer resurslaridan samarali foydalanish borasida to‘plagan tajribasi Buxoro uchun amaliy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni faqat muloqot va tajriba almashish doirasida emas, balki aniq amaliy loyihalar orqali davom ettirish muhimligi qayd etildi. Shu maqsadda ikki tomonlama tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, olimlar va mutaxassislar ishtirokida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish, ilmiy ishlanmalarni bevosita ishlab chiqarishga tatbiq etish hamda Buxoro viloyatida pilot loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Eng muhimi, bu hamkorlik Buxoro qishloq xo‘jaligini faqat bugungi ehtiyojlar asosida emas, balki iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va global agrar bozor talablarini hisobga olgan holda rivojlantirishga xizmat qiladi. Ilm-fan, innovatsiya va xalqaro tajriba uyg‘unligi esa viloyat agrar tarmog‘ida yangi imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri