Ilmiy natija, tahlil va ko‘rsatmalar
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Tarmoqlararo strategik innovatsiyalar va axborotlashtirish markazida “Innovatsiya – 2021” xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.
Anjumanda mahalliy ishtirokchilar qatorida Rossiya, Ispaniya, Bolgariya, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan vakillar ishtirok etmoqda.
Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov, Tarmoqlararo strategik innovatsiyalar va axborotlashtirish markazi direktori Omonulla Qodirov va boshqalar mamlakatimizda innovatsion rivojlantirish jarayonlarini jadallashtirish va bu borada olimlar, sanoatchilar hamda tadbirkorlarga o‘zaro muloqot maydonini yaratishda mazkur anjuman har tomonlama samara berayotganini ta’kidladi.
Umuman olganda, milliy innovatsion tizim ravnaqi mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bartaraf etish, yangi sanoat va moliyaviy texnologiyalarni joriy etish, eksport salohiyatini oshirish kabi masalalarda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu sababli anjuman doirasida 11 yalpi ma’ruza va 145 sho‘’badagi ma’ruzalarda tabiiy, mineral-xomashyo va issiqlik energetik zaxiralardan oqilona foydalanish muammolarini hal qilish uchun innovatsion texnologiyalar va usullar, kon ishi va metallurgiya, geologiya, tizimli tahlil va matematik modellashtirish kabi masalalar qamrab olingan.
[gallery-4441]
– “Sochiluvchan materiallarning namligini monitoring qiluvchi intellektual qurilma” mavzuida ilmiy-tadqiqot olib boryapman, – dedi Toshkent davlat texnika universiteti ikkinchi bosqich tayanch doktoranti Shohruh Narzullayev.
– bugungi anjumanda aynan shu mavzuda ilmiy izlanishlar asosida olingan natijalar bo‘yicha ma’ruzam bilan qatnashdim. An’anaviy anjumanda ishtirok etish menga har jihatdan foydali. Chunki olimlar fikri, ularning maslahat va ko‘rsatmalari ilmiy ishimning samarali bo‘lishiga yordam beradi.
Anjumanda Sofiya shahridagi Kimyoviy texnologiya va metallurgiya universiteti “Sellyuloza, xartiya va poligrafiya» kafedrasi rahbari Veska Lasheva ham qatnashmoqda.
– Men bugun juda hayajondaman, – dedi Veska Lasheva. – Negaki, men O‘zbekistonda, aniqrog‘i, Namanganda tug‘ilganman. Ota-onam bir muddat shu yerda ishlagan. Ular Namanganda ishlab, Bolgariyaga qaytganida men uch oylik bo‘lgan ekanman. Mana, oradan 63 yil o‘tib, O‘zbekistonga keldim. Tug‘ilgan yurtimga kelish orzuim edi, niyatimga yetdim. Bundan juda xursandman.
Anjuman haqida gapiradigan bo‘lsam, bu haqida e’lon berilganida darrov qatnashish istagini bildirdim. Qog‘oz chiqindilari va undan ishlab chiqarishda oqilona foydalanish masalalarida ma’ruza qildim. Maqsadim esa o‘zbek olimlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdir.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri