Ilmiy ish nima uchun yoziladi?
Olimlik maqomi nima? Olim kishi qanday insoniy fazilatlarga ega bo‘lishi kerak?
Ilmiy ish nima uchun yoziladi? Ushbu savollarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, pedagogika fanlar doktori, professor Muhammadjon Quronov atroflicha javob berdi. Ilm insonni kamolotga yetaklovchi yo‘l.
Jamiyat ravnaqi ham shu jamiyatda ilmga berilayotgan e’tibor bilan o‘lchanadi. Azaldan xalqimiz tomonidan ilmli kishilar hurmat va e’zozda bo‘lgan. Ustozni otadek ulug‘ deb hisoblashgan.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida mustaqil tadqiqotchilar ishtirokida 1-onlayn Respublika o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Professor M.Quronov master klass metodi asosida yoshlarga ilmiy ish qanday yaratilishi, yosh izlanuvchi olim nimalarga e’tibor qaratishi lozimligi, olim inson ilm mashaqqatlari orqali kamolot cho‘qqilarini egallashlari va bu orqali jamiyat taraqqiyoti, ma’naviyati uchun munosib hissa qo‘sha olishi haqida gapirib o‘tdi.
Seminar qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. O‘quv-seminarda ishtirok etgan mustaqil izlanuvchilar olib borayotgan ilmiy tadqiqot ishlari bo‘yicha ham ma’lumotlar berishdi. Respublika hududlaridan ishtirok etgan 28 nafar izlanuvchan yoshlar ushbu o‘quv-seminar ularga katta ma’naviy ozuqa bo‘lgani, kelgusi ishlarini rejalashtirishda ustoz o‘gitlari ularga dasturilamal bo‘lishiga ishonch bildirdilar. Ustoz Muhammadjon Quronov mustaqil izlanuvchilarning savollariga atroflicha javob berdi. Ushbu o‘quv- seminar har oyda bir marta o‘tkazib borishga kelishildi.
Hilola Ibrohimova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi