Ilmiy daraja sari yana bir imkoniyat: mustaqil izlanuvchilikka qabul boshlandi
Bugun, 15-iyuldan boshlab oliy ta’limdan keyingi ta’limning mustaqil izlanuvchilik shakliga hujjatlar qabuli boshlandi.
Innovatsion rivojlanish agentligi Axborot xizmati ma’lum qilishicha, talabgorlar PhD va DSc ilmiy darajalarini olish uchun belgilangan talablar asosida hujjat topshirishlari mumkin.
Mustaqil izlanuvchilik – ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanish hamda falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish imkonini beruvchi oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli hisoblanadi.
PhD ilmiy darajasiga da’vogarlar magistr diplomiga ega bo‘lishi, kamida bitta ilmiy maqola va tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikkita ilmiy tezis e’lon qilgan bo‘lishi hamda suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tishi lozim.
DSc ilmiy darajasiga hujjat topshiruvchilar esa PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega bo‘lishi, mazkur ilmiy darajani olgandan so‘ng kamida uchta ilmiy maqola va tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikkita ilmiy tezis chop ettirgan bo‘lishi, suhbatdan o‘tishi hamda doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasini taqdim etishi talab etiladi.
Hujjatlarni qabul qilish jarayoni to‘liq raqamli platformalar orqali amalga oshiriladi. Talabgorlarning ayrim hujjatlari my.gov.uz tizimi orqali avtomatik shakllantiriladi, qolgan zarur hujjatlar esa daraja.ilmiy.uz platformasiga elektron shaklda yuklanadi.
Mutaxassislar mustaqil izlanuvchilikka hujjat topshirishni rejalashtirayotgan fuqarolarga qabul talablari bilan oldindan batafsil tanishish, barcha zarur hujjatlarni belgilangan muddatlarda tayyorlab, elektron platformalar orqali o‘z vaqtida taqdim etishni tavsiya etmoqda. Bu esa qabul jarayonining tez va samarali o‘tishiga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA