Ilm zamon bilan hamnafas tarzda yuksaladi
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan «Dolzarb muammolarni hal etishda kimyo-biologiya sohasining an’anaviy va zamonaviy tadqiqot usullari» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Mamlakatimizda hamisha ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Atmosfera, atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni hisobga olsak, kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlarda ta’lim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Fanlar akademiyasi rahbariyati, O‘simlik moddalari kimyosi instituti va Genomika va bioinformatika markazi mutaxassislari, OAV xodimlari va yosh tadqiqotchilar ishtirokidagi anjumanda ana shu haqda so‘z bordi.
Fanlar akademiyasi tomonidan mazkur yo‘nalishda samarali ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Mikrobiologiya institutida «Fitovirusologiya» laboratoriyasi, Immunologiya va inson genomikasi instituti huzurida «Biotibbiyot texnologiyalarini muvofiqlashtirish markazi», O‘simlik moddalari kimyosi institutida diagnostikumlarni ishlab chiqarish korxonasi hamda «Tibbiy kimyo va nozik organik sintez» laboratoriyasi tashkil etilgan.
Bundan tashqari, hozirgi kunda jamiyatimizning dolzarb muammolaridan biri bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdir. Bu aholi sonining oshishi bilan birgalikda iqlim sharoitining o‘zgarishi, tuproq unumdorligining pasayishi va yangi zararkunandalarning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Shu maqsadda olimlar qishloq xo‘jaligi ekinlarining yuqori hosil beruvchi, qurg‘oqchilik, sho‘rlanish va zararkunandalarga chidamli yangi navlarini yaratmoqda. Yangi navlarni yaratishda gen muhandisligi va biotexnologiya muhim o‘rin tutadi.
– Ilm zamon bilan hamnafas tarzda yuksaladi, – deydi FA Genomika va bioinformatika markazi direktori Zabardast Bo‘riyev. – Shuning uchun olim tadqiqotining jamiyat rivojiga qay darajada nafi borligi haqida ham so‘z yuritish kerak. Tadqiqotchi ishining samarali kechishi uchun atrof-muhitdagi har bir detalni esdan chiqarmasligi lozim. Deylik, bugun hashoratlar aktual muammo bo‘lib turgan vaqtda tadqiqotchi o‘simlikning sog‘lom parvarishi uchun hashoratlarning ta’sirini ham inobatga olishi darkor. Ilm qilish – igna bilan quduq qazishdek murakkab. So‘nggi yillarda soha jozibadorligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi rivoji, yangi paxta navlarini yaratish, turli kasalliklarga chidamli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi samarali ishlarda tajribali olimlar bilan bir qatorda yosh tadqiqotchilar ham ishtirok etayotgani quvonarlidir.
Matbuot anjumani televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn uzatildi. Jurnalist va muxlislar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.
Dilobar Mamatova, O‘zA