Ilm yo‘lining boshlanishi
2-sentabr – qalblarni hayajonga soluvchi qo‘ng‘iroq ovozi yangraydigan, yangi o‘quv yilining ilk qadami qo‘yiladigan muqaddas kun. Bu kun – nafaqat maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan jajji bolajonlar, balki kelajak sari intilayotgan har bir o‘quvchi, talaba va ularga bor mehrini beruvchi ustozlar uchun haqiqiy bayram.
Maktab – bu shunchaki bino emas, bu yerda inson hayotining eng go‘zal xotiralari va kelajak poydevori yaratiladi. Buyuk mutafakkirimiz Abdulla Avloniy aytganidek: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”. Mana shu saodat yo‘lidagi ilk qadam aynan bugungi qo‘ng‘iroq bilan boshlanadi.
Respublikamizning barcha o‘quv maskanlarida bo‘lgani kabi Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 351- va 352-maktablarda ham yangragan birinchi qo‘ng‘iroq sadolari qalblarni his-hayajonga to‘ldirdi.

Yozgi ta’tildan sog‘inch bilan qaytgan bolajonlar uchun sinf xonalarining o‘ziga xos shinam muhiti, partalarning sog‘inchi va uzoq kutilgan qadrdon nigohlarning to‘qnashuvi o‘zgacha sehr bag‘ishladi. Birinchi qo‘ng‘iroq ovozida shunday qudrat borki, u har bir qalbda bilimga bo‘lgan chanqoqlik va yuksak cho‘qqilarni zabt etish ishtiyoqini uyg‘otadi.

– Bu yil maktab ostonasini o‘quvchi va o‘qituvchilarimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yillik tantanalariga guvohi bo‘lgan holda, katta shodu xurramlik bilan bosib o‘tmoqdalar, – deydi tumandagi 351-maktab direktori Vazira Sulaymonova. – Bu esa biz – murabbiylarga o‘zgacha, yuksak mas’uliyat yuklashi ayni haqiqat. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan sharafli kasb egalari bo‘lgan ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va e’tirof har bir pedagog qalbini tog‘dek ko‘tardi, yangi marralarga ruhlantirdi. Bugun yoshlarimizga har tomonlama puxta bilim berish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, mehnatimizga yarasha rag‘bat ham kam emas. Biz mana shu yuksak ishonchni oqlab, yoshlarimizni ham ilmda, ham odob-axloqda yetakchi qilib tarbiyalashimiz, ularning shuuriga Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat tuyg‘usini singdirishimiz lozim.

Jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim Abu Rayhon Beruniy ta’kidlaganidek: “Bilim va ilmdan ortiqroq boylik, donolik va ma’rifatdan ulug‘roq sharaf yo‘qdir”. Maktab dargohi bizga mana shu bebaho boylikni hadya etuvchi xazinadir.
Bugungi yangragan ilk qo‘ng‘iroq sizning porloq kelajagingiz sari tashlangan zalvorli qadamlar uchun yo‘lingizni yorituvchi sado bo‘lib yangrasin!
Asror Sulaymonov,
O‘zA.