Ilm yo‘lidagi xotirjamlik: yurtimizda talabalar xavfsizligi qanday ta’minlanmoqda?
Yurtimizda talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga zamonaviy hamda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha samarali ishlar tashkil etilmoqda.
Zotan, yurt taraqqiyoti va uning kelajagi ilm-fanga intiluvchan, bilimli va tashabbuskor yoshlar salohiyati bilan bog‘liq.
Joriy yil 5-yanvarda qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori muassasalar, mahallalar va talabalar shaharchalarida ayni yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirishda muhim asos bo‘lmoqda.
Vazifalar ijrosi doirasida “Yoshlik” talabalar shaharchasida raqamli texnologiyalarga asoslangan vaziyatlar markazi tashkil etildi. Markaz talabalar xavfsizligini ta’minlash, hududdagi ijtimoiy muhitni real vaqt rejimida kuzatish, davomatni nazorat qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.
Umumiy maydoni 1 ming 368 kvadrat metrni tashkil etuvchi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligi binosi 2024-yilda qurilgan. Uni mukammal ta’mirlash, vaziyatlar markazini tashkil etish va hududni obodonlashtirish ishlariga 33 milliard so‘m yo‘naltirildi.
– Bu yerda yetmish besh mingdan ziyod talaba tahsil olib kelmoqda, – dedi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimi Farrux Temirov. – Hududimizda qirq ikkita talabalar turar joyi mavjud. O‘n sakkiz mingdan ziyod talabalar turar joyi sig‘imi ajratilgan. Joriy yil sentabr oyida muhtaram Prezidentimizning shaharchaga tashrifi quvonchli voqea bo‘ldi. Endilikda Talabalar shaharchasida Vaziyatlar markazi tashkil etildi. Unga oliy ta’lim o‘quv binolaridan tortib, talabalar turar joyi, ko‘chalari, savdo shoxobchalari – hammasi to‘liq integratsiya qilindi va ishimiz juda ham yengil bo‘ldi. Undan tashqari, talabalar shaharchasi hokimligi binosida Oliy ta’lim tarixi muzeyi tashkil qilindi. Bu ham shaharchada bir katta yangilik, katta xursandchilik bo‘ldi.
Yettita bog‘, jumladan, Kimyo bog‘i, Biologiya bog‘i, Fizika, Matematika, AT, Geologiya, Energetika bog‘lari tashkil qilindi. Ularning talabalar fakultetiga kiraverish joyida ochilgani katta ish bo‘ldi. Talabalar dars vaqtida, darsdan keyin bemalol bog‘larga kelib, o‘sha yerda o‘tirib, alleyada bemalol o‘zini biologiya, kimyo yoki boshqa fan bog‘ida his qilishi uchun sharoitlar yaratildi.
Bundan tashqari, talabalar uchun sakkizta maishiy xizmat shoxobchalari – book-kafye, oziq-ovqat do‘konlari tashkil etildi. Bular hammasi muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan amalga oshirildi.
Bugungi kunda hokimligimiz binosida vaziyatlar markazi bilan bir qatorda startap xonasi, Oliy ta’lim tarixi muzeyi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda xotin-qizlar tadbirkorligi markazi joylashgan.
Vaziyatlar markazi shaharchadagi barcha talabalar turar joyini qamrab olgan. Tizim orqali 75 mingga yaqin talaba, shu jumladan, yotoqxonalarda istiqomat qiluvchi 17,5 ming nafar yigit-qizning xavfsizligi ta’minlanadi. Ularning davomatini nazorat qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish imkoniyatlari ham mavjud.
Markaz 17 ta axborot tizimi bilan integratsiya qilingan. Bu turli ma’lumotlarni yagona raqamli platforma orqali tezkor tahlil qilish va vaziyatga qarab zarur choralar ko‘rish imkonini beradi.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV
(video), O‘zA