Ilm va ta’limga bag‘ishlangan hayot
FOTOREPORTAJ
Nukus davlat pedagogika instituti Fizika-matematika fakultetining malakali ustozi Bahrom Yavidov qariyb 30 yildan buyon oliy ta’lim tizimida samarali mehnat qilib kelmoqda. Ayni paytda u Fizika o‘qitish metodikasi kafedrasi professori vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
B. Yavidov 2002-yilda fizika-matematika fanlari bo‘yicha nomzodlik, 2012-yilda esa doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Yoshlarni ilm-fanga jalb etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish yo‘lida u “Ustoz-shogird” an’analarini izchil davom ettirib kelmoqda. Ko‘plab talabalarning bakalavr va magistrlik ishlariga ilmiy rahbarlik qilgan. Shuningdek, uning tashabbusi bilan “Koinotga sayohat”, kvant fizikasiga oid “Kvant kechasi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Professor o‘z o‘quv-pedagogik faoliyatida zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng qo‘llab, ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlarni o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida yuqori saviyada tashkil etmoqda.
[gallery-28645]
Uning 160 dan ortiq ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlari, 100 dan ziyod tezislari, 1 ta monografiyasi hamda 4 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi nashr etilgan.
Bahrom Yavidovning ko‘p yillik samarali mehnati davlatimiz tomonidan munosib baholangan. U 2014-yilda “Xalq ta’limi a’lochisi”, 2024-yilda “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni hamda mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA