Olmaliq kon-metallurgiya kombinati nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchi, balki ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining yirik markazi hamdir. Bugungi kunda kombinat ko‘plab mahalliy va xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.
Zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish hamda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish strategik ahamiyatga ega. Zero, ilm va tajriba uyg‘unligi sohaning ertangi taraqqiyotini ta’minlovchi asosiy omildir. Kuni kecha OKMK yana bir oliy o‘quv muassasasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.

Muhandislik maktabida kombinat va Sankt-Peterburg davlat universitetining Toshkent filiali o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi mazkur yo‘nalishdagi muhim voqealardan biriga aylandi.
Hamkorlik shartnomasini imzolash jarayonida OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov, o‘quv markazi rahbari Doniyor Karimov, universitet filiali direktori Mahmudjon Ziyodullayev hamda direktor o‘rinbosari Sergey Nebotovlar ishtirok etdi. Uchrashuv davomida manfaatli kelishuvning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.

Loyiha doirasida tomonlarning o‘quv-uslubiy yo‘nalishda tajriba almashishlari, talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish hamda OKMK xodimlarini oliy ta’limga tayyorlash chora tadbirlari rejalashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida yoshlarning kasbiy mahoratini oshirish, ularni real ishlab chiqarish muhiti bilan yaqindan tanishtirish imkonini beradi.
Ta’kidlash lozimki, Sankt-Peterburg davlat universiteti Toshkent filiali 2021-yili tashkil etilgan bo‘lib, filologiya, mamlakatshunoslik, xorijiy davlatlar iqtisodiyoti hamda biotibbiyot kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.
Mazkur memorandum esa ta’lim va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, yetuk kadrlar tayyorlashga mustahkam zamin yaratadi. Uchrashuv so‘nggida tomonlar kelgusida qo‘shma ilmiy va amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish orqali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Abdulaziz Musayev, O‘zA