Ilm olish – igna bilan quduq qazish kabidir (+video)
Xalqimiz orasida olimlarga nisbatan igna bilan quduq qazuvchilar iborasi ishlatiladi. Bu bejiz emas, albatta. Boisi, olimlar bosib o‘tadigan ilm yo‘lining o‘ziga yarasha mashaqqati va zalvori bor. Hayot esa olimlarning kashfiyotlarisiz rivojlanmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining umumiy va noorganik kimyo institutida ham bugungi kunda 93 nafar olim izlanish olib boradi. Ushbu institut respublikadagi eng qadimiy va yagona ko‘p tarmoqli ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri hisoblanadi.
Institutning asosiy ilmiy yo‘nalishi yoqilg‘i va mineral xomashyoni kompleks kimyoviy qayta ishlashning ilmiy-amaliy asoslari va innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish hisoblanadi.
Mazkur dargohning 90 yillik yubileyi hamda Fanlar akademiyasi tashkil topganining 80 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston mineral xomashyolarini qayta ishlashning yuqori texnologiyalarini yaratish va ulardan foydalanishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, AQSH, Xitoy, Bangladesh davlatlaridan kelgan olim hamda akademiklar, yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad institut olimlari tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekiston mineral xomashyosini kompleks kimyoviy qayta ishlash sohasida erishilgan natijalarni tahlil qilish, umumlashtirish va muhokama qilishdan iborat.
—Institutimiz yetarli darajada ilmiy salohiyatga ega bo‘lib, unda 93 nafar olim, 2 nafar akademik, 40 nafar fan doktori, 7 nafar fan nomzodi va 30 nafar falsafa doktori (PhD) faoliyat yuritadi, — deydi institut “Yosh olimlar” kengashi raisi Yo‘ldosh Yoqubov. — Doktoranturada 101 nafar doktorant ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Bugungi kunda institut yosh olimlari nafaqat an’anaviy kimyo usullarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha, balki zamonaviy yangi yo‘nalishlarni kashf qilish ustida izlanishlar olib boryapti.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NXylxzsi58s" title="Ilm olish – igna bilan quduq qazish kabidir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Mazkur dargohning 90 yillik ilmiy faoliyati davomida uning laboratoriyalarida defoliantlar va o‘g‘itlar, rangli va nodir metallar, silikat materiallari, adsorbentlar ishlab chiqarishning ilmiy asoslarini ishlab chiqishga qaratilgan fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borildi.
Tadbir davomida xorijdan kelgan olimlar institut laboratoriyalari bilan tanishib, u yerda olib borilayotgan tadqiqotlar bilan qiziqdi.
N.Rahmonova, A.Ahmedov (video), O‘zA