“NKMK” AJ tarixi muzeyida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti tomonidan “Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Tadbirda Navoiy viloyatida oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritib kelayotgan faol olima va talabalar, shuningdek, Markaziy Osiyo innovatsion universiteti professori qozog‘istonlik olima Rashida Janaliyeva ishtirok etdi.
Bugun yurtimiz taraqqiyotiga ilm-fanning, ayniqsa, olima ayollarimizning ham qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidlash kerak. Ularning tashabbuskorligi va ilgari surayotgan g‘oyalari tufayli ilm-fan sohasi oldida turgan ko‘plab masalalar o‘z yechimini topmoqda.
Anjumanda ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning o‘rni, gender tenglikni ta’minlash, “yashil” iqtisodiyot, Navoiy viloyatida ekologik turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 350 nafardan ortiq o‘qituvchi faoliyat olib borib, ularning yarmini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning orasida 35 nafar olima ayol bo‘lib, 3 nafari professor (DsC) ilmiy darajasiga ega, qolganlari falsafa doktorlari (PhD) va fan nomzodlaridir.
[gallery-21737]
– O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 29 oktyabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi islohotlarning samarasiga, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishga, xotin-qizlarni ilm-fan sohasiga yanada keng jalb etishga xizmat qilmoqda, – deydi universitet rektori Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Risolat Islomova. – Bugungi anjumanimizda ayollar va qizlarning ilmiy ishlanmalar hamda innovatsiyalarni yaratishdagi rolini yanada kuchaytirish vazifalari ham muhokama qilindi. Bu o‘z navbatida ulg‘ayib kelayotgan yosh olima qizlarimiz uchun mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Anjuman yakunida mas’ul tashkilotlar hamda oliy ta’lim muassasalari olima ayollari o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari