ILM-FAN VA TA’LIM – YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOTINING POYDEVORI
Mustaqillik xalqimizning asriy orzu-umidlari, erkinlik va ozodlik haqidagi ezgu intilishlari ro‘yobga chiqqan, milliy davlatchiligimiz qayta tiklangan, jahon xaritasida Mustaqil O‘zbekiston davlati munosib o‘rin egallagan eng muqaddas va ulug‘ ayyomdir.
Istiqlol bizga, eng avvalo, o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash, milliy taraqqiyot yo‘limizni mustaqil tanlash, boy tarixiy va ma’naviy merosimizni tiklash, milliy o‘zligimizni anglash va kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etishdek bebaho imkoniyatni berdi. Aytish lozimki, mustaqillik tushunchasi faqat davlatning siyosiy erkinligini ifodalash bilan cheklanmaydi. U inson qalbidagi erkinlik, milliy g‘urur va o‘z kuchiga ishonch tuyg‘usidir. Shu ma’noda, istiqlol yillari xalqimiz uchun o‘zligini anglash, tarixiy xotirasini tiklash va kelajakka dadil qadam tashlash davri bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash arafasida turibmiz. Shunday qutlug‘ bir pallada bosib o‘tgan sharafli yo‘limizga nazar tashlash bilan birga, oldimizda turgan ulkan maqsadlar haqida ham mushohada yuritamiz. Zero, tarixiy sana faqat kechagi kunni eslash emas, balki ertangi kun uchun mas’uliyatni yanada chuqur his etish fursati hamdir.

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan vazifalar asosida yurtimizning barcha hududlarida, muassasa va tashkilotlarda madaniy-ma’rifiy anjumanlar, adabiy uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va tantanalar o‘tkazilmoqda. Ularning mazmun-mohiyatida xalqimizni bir maqsad atrofida yanada jipslashtirish, Vatanga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, istiqlol yillarida erishilgan natijalarni keng targ‘ib etish va yangi marralarga ishonch bilan intilish g‘oyasi mujassam. Ayniqsa, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya bugungi taraqqiyotimizning ma’naviy mazmunini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Zero, yagona Vatan tuyg‘usi insonlarni birlashtiradi, yagona maqsad esa ularni bunyodkorlikka undaydi. Bugun “Yangi O‘zbekistonni yanada obod va farovon, zamonaviy va raqobatbardosh davlatga aylantirish” g‘oyasi shu zaminda yashayotgan har bir vatandoshning oliy matlabi va ezgu maqsadi bo‘lmog‘i lozim. Bu buyuk vazifani amalga oshirishda esa ilm-fan va ta’limning o‘rni beqiyos.
So‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizni sifat jihatidan yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqmoqda. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi bugun hayotimizning barcha jabhalarida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalarni hayotimizga keng joriy etish ana shu jarayonning muhim yo‘nalishlaridir. Eng muhimi, xalqimizning, yoshlarimizning taraqqiyotga bo‘lgan munosabati o‘zgarmoqda. Endi biz taraqqiyotni faqat yangi binolar, yo‘llar yoki ishlab chiqarish korxonalari bilan emas, balki insonning bilim va salohiyati, uning yaratuvchanlik qobiliyati, yoshlarning ilm-fanga ishtiyoqi va Vatanga muhabbati bilan baholaymiz. Chunki har qanday islohotning haqiqiy natijasi inson hayotida namoyon bo‘ladi. Insonda Vatan taqdiriga daxldorlik hissi kuchli bo‘lsa, bunyodkorlik muhiti mustahkamlanadi. Shuning uchun ham bugun ta’lim va ilm-fanga qaratilayotgan e’tiborni oddiy sohaviy islohotlar sifatida baholash yetarli bo‘lmaydi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida yoshlarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaydi. Yangi zamonaviy davlat universitetlari qatorida nodavlat oliy ta’lim muassasalari, filiallar va ta’lim yo‘nalishlari ham sifat va miqdor jihatidan kun sayin ortib bormoqda. Xorijiy nufuzli universitetlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu o‘zgarishlarning zamirida yoshlarga zamonaviy bilim berish va ularni ertangi kun talablariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar etib tarbiyalashdek qutlug‘ maqsad yotadi.
Ayni paytda oliy ta’lim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligini kengaytirish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish muhim vazifalar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Kredit-modul tizimi, raqamli ta’lim platformalari, elektron boshqaruv tizimlarining joriy etilishi ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish imkonini bermoqda. Bugun talaba faqat auditoriyada o‘tirib bilim oluvchi emas. U axborot izlovchi, tahlil qiluvchi, tadqiqot olib boruvchi, o‘z loyihasi va g‘oyasi ustida ishlovchi shaxs bo‘lishi kerak. Shundagina universitet haqiqiy ma’nodagi intellektual markazga aylanadi.
Bugun dunyoda davlatlarning raqobatbardoshligi tobora ko‘proq ularning ilmiy va texnologik salohiyati bilan belgilanmoqda. Sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, biotexnologiya, zamonaviy tibbiyot, yangi materiallar, yashil energetika kabi sohalar insoniyat taraqqiyotining yangi qiyofasini belgilamoqda. Bunday sharoitda O‘zbekiston uchun ham ilm-fanni rivojlantirish strategik zaruratga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy grantlar ko‘lamini kengaytirish, ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish borasidagi ishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Biroq ilm-fanning haqiqiy samarasi faqat ilmiy maqolalar yoki konferensiyalar soni bilan emas, uning jamiyat va iqtisodiyot hayotiga ta’siri bilan o‘lchanadi.
Bugun yurtimizda bilim olayotgan, kasb-hunar egallayotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan, xalqaro maydonlarda O‘zbekiston nomini munosib himoya qilayotgan yoshlar safining kengayib borayotgani qalbimizga g‘urur bag‘ishlaydi. Bizning Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetimiz yoshlari orasida ham yurt nomini xalqaro maydonlarda tarannum etib kelayotgan salohiyatli talabalar talaygina. Masalan, Jismoniy madaniyat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabamiz Islombek Abduzakirov Filippinning Manila shahrida bo‘lib o‘tgan sambo bo‘yicha Osiyo – Okeaniya chempionatida barcha raqiblarini mutlaq mag‘lub etib, Osiyo chempioni degan faxrli nomga ega bo‘ldi. Talabalarimiz safida Prezident stipendiati (Yusupova Dinara), Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori (Tursunboyev Ma’ruf) va bir qator nufuzli musobaqa va tanlovlar g‘oliblari (Tilovqulova Sevara, Anvarjonov Adahamjon, Rahmatullayeva Madina va boshq.) borligidan haqli ravishda faxrlanamiz.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratish, ilmiy izlanishlarga jalb etish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir. Biz universitet jamoasi sifatida bu mas’uliyatni chuqur his etamiz. Chunki har bir talaba, bu shunchaki ta’lim oluvchi emas. U mamlakatning ertangi taqdiri, Vatanning ertangi yutug‘i. Shu bois talaba-yoshlarga ta’lim berish bilan birga, ularda milliy g‘urur, vatanparvarlik, mas’uliyat va bunyodkorlik tuyg‘ularini shakllantirishni ham o‘zimizning muqaddas burchimiz deb bilamiz.
Zamonaviy universitetning vazifasi faqat mutaxassis tayyorlashdan iborat emas. Uning zimmasida komil insonni tarbiyalashdek ulkan vazifa bor. Chuqur bilimga ega, ammo Vatan taqdiriga befarq insonni biz to‘laqonli mutaxassis deb ayta olmaymiz. Shuning uchun ta’lim bilan tarbiya, bilim bilan ma’naviyat, zamonaviylik bilan milliy qadriyatlar o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash muhim. Ayniqsa, globallashuv va axborot oqimi tobora kuchayib borayotgan bugungi davrda yoshlarning milliy o‘zligini asrash, ularda tanqidiy fikrlash va axborot madaniyatini shakllantirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘z tarixini bilgan, tili va madaniyatini qadrlagan, shu bilan birga zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarni egallagan avlodgina dunyoda munosib o‘rin egallay oladi. Bu borada universitet professor-o‘qituvchilarining zimmasidagi mas’uliyat nihoyatda katta ekanligini yaxshi his qilamiz.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan universitetimizda va umuman mamlakatimizda o‘tkazilayotgan tadbirlar, tantanalar va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar bizga bir haqiqatni yana bir bor eslatmoqda, erishilgan natijalar qanchalik salmoqli bo‘lmasin, taraqqiyot hech qachon to‘xtab qolmaydi. Eng avvalo, ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, ilmiy-tadqiqotlarni ta’lim jarayoni bilan uyg‘unlashtirish muhim.
Ilm-fan sohasida esa yosh olimlarning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va innovatsion muhitni yanada rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Biz bu jarayonlarni bir-biridan ajratmagan holda olib borishga harakat qilyapmiz. Maktab universitetga, universitet ilm-fanga, ilm-fan ishlab chiqarishga, ishlab chiqarish esa jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim. Ana shunda ta’lim va ilm-fan o‘rtasida haqiqiy uzviylik paydo bo‘ladi.
Bizga berilgan eng katta mas’uliyat, bu ozod va obod Vatanni yanada taraqqiy ettirish, uni kelajak avlodlarga yanada qudratli va farovon holda topshirishdir. Bu yo‘lda ilm-fan va ta’lim bizning eng ishonchli tayanchimiz bo‘lib qoladi. Chunki bilim bor joyda taraqqiyot bo‘ladi. Ilm va ma’rifat bor joyda yuksalish bo‘ladi. Yoshlarga ishonch bor joyda esa buyuk kelajak bo‘ladi. Mustaqillikning 35 yilligi bizga ana shu haqiqatlarni yana bir bor chuqur his etish imkonini bermoqda. Universitetimiz jamoasi Mustaqilligimizning qutlug‘ to‘yini yuksak mehnat, ilmiy izlanishlar va ta’lim sohasidagi yangi natijalar bilan kutib olmoqda. Yosh avlodimizni Vatanga sadoqatli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni teran anglaydigan, chuqur bilimli, mustaqil fikrlaydigan, zamon talablariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar etib tarbiyalashni o‘zimizning eng katta insoniy va vatanparvarlik burchimiz deb bilamiz.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni, aziz professor-o‘qituvchilarimiz, ilmiy xodimlarimiz va talaba-yoshlarimizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz tinch, yurtimiz obod, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon bo‘lsin!
S.A. Adilov
Toshkent iqtisodiyot va pedagogika
universiteti rektori