Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat va turmush sharoitini yaratish, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatning ijtimoiy hayoti va davlat qurilishidagi ishtirokini yuksaltirish, liderlik, tashkilotchilik, tadbirkorlik qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyat hayotining turli jabhalarida gender tenglikni ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, har qanday madaniyat gender neytral emas. Gender tushunchasi madaniyatga singib ketgan, boshqacha qilib aytganda, madaniyat - bu qadriyatlar va me’yorlar, munosabat va stereotiplar to‘plami, ijtimoiy tarkibga kiritilgan, jinsga qarab belgilanadigan xatti-harakatlar va ijtimoiy o‘zaro ta’sirlar majmui.
Tamaddun evolyutsiyasi kontekstida muayyan etnik-ijtimoiy tafakkur ko‘p asrlar mobaynida shakllanadi. Tarixda turli davrlarda ayollarga nisbatan zulm ko‘rinishlari mavjud bo‘lgan. Arabiston yarim orolida qiz bolalarni tiriklayin ko‘mish kabi johiliyat davrining shafqatsiz odatlari hukm surgan. Hindistonda eridan mahrum bo‘lgan ayol ham tiriklayin gulxanda yoqilishga mahkum bo‘lgan. Qadimgi Xitoyda qiz bolaning tug‘ilishiga falokat sifatida qaralgan.
Rim davlat arbobi va huquqshunosi Emiliy Papinian ayollarning jamiyatdagi mavqei to‘g‘risida quyidagicha yozgan: “Qonunchiligimizning umumiy qoidalariga ko‘ra, ayollarning mavqei erkaklarnikidan yomonroqdir” (Digestlar). Erkin bo‘lsa ham, ayol hali ham fuqarolik “erkinliklari” ga ega emas edi. Masalan, u armiyada xizmat qila olmaydi, yig‘ilishlarda ovoz berolmaydi, davlat lavozimiga saylana olmaydi, sudya yoki prokuror bo‘la olmaydi, har qanday uchinchi tomonning advokati sifatida sud jarayonini o‘tkazish huquqiga ega emas.
“Amerikada demokratiya” asarining muallifi, XIX asr fransuz gumanisti va faylasufi Aleksis de Tokvil bu xususda shunday fikr yuritadi: “Ba’zilar erkak va ayolni nafaqat tengligi, balki yaxlit ekanini ta’kidlaydilar. Ular erkak va ayolga bir xil huquqlarni beribgina qolmay, bir xil majburiyatlarni ham ularning zimmasiga yuklaydilar. Ular erkak va ayolni bir xil fikrlashi, mehnat qilishini istaydilar. Bu yaxshilikka olib kelmaydi, erkak va ayolning jins sifatida inqirozini keltirib chiqaradi, zaif erkaklarni va kuchli ayollarni paydo qiladi”.
Sharq qadriyatlarida ayol doimo erkak kishiga do‘st, yor, oqila, mehribon, oilaviy tinchlikning rahnamosi sifatida ulug‘langan.
Ayollarning oila va jamiyatdagi roli, xususan, farzand tarbiyasi va ijtimoiylashuvidagi ahamiyati mutafakkirlar tomonidan e’tirof etilgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z qarashlarida oila tinchligi bevosita oqila, aqlli, farosatli, tarbiyali ayollar qo‘lida ekanligiga alohida ahamiyat qaratgan. Ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, deya ta’kidlaydi.
Butun dunyoda xotin-qizlarning fan, texnika va innovatsion yutuqlardan teng va to‘laqonli foydalanishlariga imkoniyatlar yaratish, mazkur sohada gender tenglikni ta’minlash BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2015 yil 22 dekabrda qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to‘g‘risidagi A/RES/70/212 – sonli rezolyutsiyada o‘z aksini topgan. Mazkur rezolyutsiyaga ko‘ra, 2016 yildan boshlab har yili 11 fevral “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” (International Day of Women and Girls in Science) sifatida nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, ayollarning ilm-fandagi ishtirokiga e’tibor qaratish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Bir xil qiymatga ega bo‘lgan mehnat uchun erkaklar va xotin-qizlarni teng rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi, “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Mehnat va mashg‘ulotlar sohasidagi kamsitishlar to‘g‘risida”gi konvensiyalarning ratifikatsiya qilinishi milliy darajada ayollar huquqlarini himoya qilishning zarur xalqaro-huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada oliy ta’lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yilida xotin-qizlarga 4 foiz qo‘shimcha davlat grantlarining ajratilishi ularga berilgan yana bir imtiyozdir.
Bugun jamiyatimizning ilmiy-texnikaviy faoliyatida xotin-qizlar faol ishtirok etmoqda. Olima ayollar tomonidan ilm-fan sohasidagi izlanishlar ishlab chiqarish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy-madaniy sohalarning rivojiga salmoqli hissa bo‘lmoqda. 2018 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida ratsionalizatorlik takliflari, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish maqsadida talaba va o‘quvchi qizlar, dasturchi va tadbirkor ayollar ishtirok etib keladi. “Olima ayollar grantlari” tanlovi xotin-qizlarni ilm-fan sohasida qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Xususan, 2020 yilda tanlov doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy - amaliy akusherlik va ginekologiya tibbiyot markazining homilador ayolda endotelial tizimining ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda homila yo‘qotish sindromini rivojlanish xavfini erta tashxislashni ishlab chiqishga qaratilgan innovatsion loyihasiga yillik 899,9 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi tasdiqlangan.
Mamlakatimiz ilm-fani va ma’naviyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, milliy tarixda o‘zining noyob iqtidori bilan nom qoldirgan, yuksak intellektual salohiyat va keng dunyoqarashga ega yuzlab ayollar nomini keltirish mumkin.
Oqqan daryo oqaveradi. Ilm-fan va tafakkur karvoni o‘z yo‘lida davom etadi, ustoz-shogird an’analari, avlodlar uzviyligi ta’minlanadi.
Ayni paytda ayollarning ilmiy faoliyatda nufuzi va o‘rnini yanada oshirishga daxldor masalalar – olimalarga ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida hal etishga ko‘maklashish, tadqiqotlarni amalga oshirishning tashkiliy imkoniyatlarini yaratish, ilmiy faoliyatda gender diskriminatsiya muammosiga barham berish, olima ayollar uchun ilmiy nufuzli mukofotlar ta’sis etish, tadqiqot grantlari, xorijiy stajirovka dasturlarini kengaytirish, olimalarning akademik mobilligini oshirish, innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash loyihalarini yo‘lga qo‘yish, ilm-fanni ijtimoiy taraqqiyotning drayveri va generatoriga aylantirish sohaning bundan keyingi rivojida samarali yechimdir.
Mohira Xoliqova,
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA