Ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi
Namangan viloyatining barcha hududlarida, mehnat jamoalari, mahallalar va ta’lim muassasalarida Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Yangiqo‘rg‘on tumani “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hamda tumandagi 16- umumta’lim maktabida buyuk bobokalonimiz merosini keng o‘rganishga bag‘ishlangan "Amir Temur – buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi" shoiri ostida badiiy uchrashuvlar tashkil etildi.


Yosh avlod vakillariga Amir Temur saboqlari, uning davlat va jamiyat tamadduni yo‘lidagi ulkan ishlari haqida tarixiy voqelik va aniq ma’lumotlar asosida tushunchalar berildi.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvidan taqdim qilingan 200 dona kitoblar to‘plami Bunyodkor mahallasi ahliga va 16-maktab kutubxonasiga topshirildi.

– Yetti iqlimga dong‘i ketgan buyuk ajdodimiz Amir Temur siymosi yurtimiz uchun azizdir, uning qilgan ishlarini keng ommaga, ayniqsa, ertamiz egalari bo‘lmish yoshlarga yetkazish dolzarb ahamiyatga ega, – deydi Namangan viloyat Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov. – Ayni shu boisdan “Mahalla” fondidan kitoblar ulashilganligi ayni muddao bo‘ldi. Ta’lim- tarbiyaga oid hamda ommabop badiiy kitoblar 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlarda qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Bu o‘z navbatida kelgusida “Kitoblar bilimdoni” tanlovini o‘tkazish orqali fuqarolarning kitobxonlikka bo‘lgan ishtiyoqini oshirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA