Ilm-fan istiqboliga ishonch ortdi
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini intiqlik bilan kutgan edik.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini intiqlik bilan kutgan edik. Chunki unda aytiladigan gaplar butun xalqimizga taalluqli boʻlishini barcha his eta oldi.
Murojaatnomani bevosita koʻrgan va eshitgan har bir inson oʻziga xos taassurotga ega boʻldi, oʻrinli xulosalar chiqara oldi. Ayniqsa, endigina ishini boshlagan xalq vakillari oʻz faoliyatlari uchun zarur vazifalarni belgilab olish imkoniyatiga ega boʻldi. Shaxsan meni quvontirgan jihati, Murojaatnomada Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturidagi ustuvor masalalar qayta-qayta tilga olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan mamlakatimizda 2020-yil “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlanishi qalbimizni junbishga keltirdi. Binobarin, ilm-maʼrifat rivojisiz yurt taraqqiyotiga erishib boʻlmasligi ayni haqiqatdir.
Partiya saylovoldi dasturida “Ilmlilik – saodatdir, ilmsizlik – musibat!” deya bejiz taʼkidlanmagan. “Adolat” SDP taʼlimga investitsiya kiritishni kelajakka sarmoya kiritish, deb hisoblaydi. Bu esa xalq farovonligi, davlatning raqobatdoshligini taʼminlovchi omildir. Murojaatnomada ham taʼlim tizimini muntazam takomillashtirish, sifatli taʼlim berish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalalari koʻrsatib oʻtildi.
Murojaatnomada sanab oʻtilgan va ayni vaqtda partiyamiz saylovoldi dasturidan oʻrin olgan masalalardan yana biri bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish darajasini koʻtarishdir. Shunda farzandlarimiz bolalikdan bilim olishi, jamoatchilikka moslashish koʻnikmalari asta-sekin shakllanishiga erishamiz. Zero, yoshlikda olgan bilim toshga oʻyilgan naqshdir.
Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlim muassasalari faoliyatini qayta koʻrib chiqish, kirish imtihonlarini soddalashtirish taklif qilindi. Ayniqsa, oliy maʼlumotlilar safini shartnoma asosida emas, davlat granti asosida oʻquvchi talabalar hisobiga oshirilish lozimligi barchaning koʻnglidagi istak boʻldi. Bu borada “Adolat” SDP oliy oʻquv yurtlariga kirish kvotalarini bosqichma-bosqich oshirib borish, oʻquv yurtlari uchun umumiy qabul kvotalarini belgilash tajribasidan voz kechish mexanizmini ishlab chiqqan.
Murojaatnoma turli soha vakillari faoliyatiga oid xulosalarni oʻz ichiga oldi. Ikki kasb vakillari esa alohida tilga olindi. Bular – pedagoglar va shifokorlar. Ularning bilimini oshirish, el-yurt orasida obroʻsini yuksaltirish, daromadlarini koʻpaytirish lozimligi uqtirildi. Haq gap! Davlat ravnaqi, xalq barkamolligini kafolatlash uchun ushbu ikki sohani isloh etish, kasb vakillari maqomini koʻtarish muhim masala. Bunga esa qonunchilik yoʻli bilan – oʻqituvchi maqomini oshirish, tibbiyot xodimlarini tajovuzlardan himoyalashga oid qonunlar orqali erishish mumkin.
Yurtboshimiz nutqida ichki migratsiya va doimiy roʻyxatdan oʻtish borasidagi muammo koʻtarilib, bu borada aniq yechim berilgani ayni muddao boʻldi. Oʻz fuqarolarimiz oyogʻiga oʻzimiz kishan solmasligimiz kerak, dedi Prezident. Darhaqiqat, “propiskadan oʻtish” tizimiga yangicha yondashish payti keldi. Fuqarolarimizning oʻz xohish-istaklaridan kelib chiqib, doimiy yashash joyini oʻzi belgilash huquqini taʼminlovchi huquqiy asosni bosqichma-bosqich takomillashtirib borish – “Adolat” SDPdan saylangan deputatlarining ham oldida turgan asosiy vazifa.
Shuningdek, maʼruzada Shavkat Mirziyoyev jamiyat rivojiga gʻov boʻlayotgan bir illatni kuyunchaklik bilan aytib oʻtdi. Korrupsiya illatini yoʻq qilmasak, birorta soha rivojlanmaydi, deya adolatli xulosa yasadi va “halollik vaksinasi” bilan emlanish darkorligini taʼkidladi. Halollik bilan yuzi yorugʻ rahbarning lavozimda ham umri uzoq boʻladi, deya alohida urgʻu berdi davlatimiz rahbari.
Murojaatnomadan oʻzimiz uchun koʻplab vazifalar belgilab oldik. Undagi ayrim masalalar qalbimizdagi istak boʻlib, xalqimiz uzoq yillardan buyon kutayotgan islohotlardan xushxabar bersa, maʼruzada koʻtarilgan baʼzi fikrlar biz uchun mutlaqo yangilik sifatida yangradi hamda boshlayotgan faoliyatimizga yangicha ruh bagʻishladi.
Shuhrat POLVANOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi.