“Ilk qadam” – maktabgacha ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan milliy o‘quv dasturi
Navoiy viloyatida “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini keng joriy etishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv kurslarining uchinchi bosqichi tashkil etildi.
Unda Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on shaharlari hamda Konimex tumanidagi tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash hamda maktabgacha ta’lim qamrovi va sifatini oshirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining kasbiy salohiyatini yuksaltirish va zamonaviy ta’lim dasturlarini amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur o‘quv kurslari davlatimiz tomonidan maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ta’lim-tarbiya sifatini yanada oshirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini amaliyotga samarali tatbiq etishga xizmat qilmoqda.
2026-yil 2-20-iyun kunlari respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda direktor o‘rinbosarlari va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etadi. Har bir tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotida uch kun davom etayotgan mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilar dastur mazmuni, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish hamda bolalarning intellektual, ijtimoiy va ijodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlamoqda.


Ta’lim sohasida raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar doirasida kurs ishtirokchilari bilimini baholash jarayonlari ham zamonaviy formatda tashkil etilmoqda. Xususan, onlinedu.uz platformasi orqali yakuniy test sinovlari o‘tkazilib, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga QR-kodli elektron sertifikatlar topshiriladi.

Albatta, bunday o‘quv kurslari rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va maktabgacha ta’lim muassasalarida zamonaviy ta’lim muhitini shakllantirishda xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri