Ilk hosilni yetishtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda
Jizzax viloyatining Forish tumani pillakorlari joriy mavsumda 933 quti ipak qurti urug‘idan 57 tonnalik xirmon ko‘tarish maqsadida astoydil mehnat qilmoqda.
Bahorda pilla parvarishlash Jizzax vohasida to‘rt xil muddatga to‘g‘ri keladi. Buni, ayniqsa, pilla yetishtiruvchi zahmatkashlar juda yaxshi bilishadi. Viloyat markazi va cho‘l hududlaridagi pillakorlar parvarish qilayotgan ipak qurti 3, 4 va hatto, 5-uyquga ketayotgan bir vaqtda tog‘oldi sanalgan Forish, G‘allaorol va Zarbdor tumanlarida parvarish qilinayotgan qurtlar endi birinchi uyqudan turib, ikkinchisiga ketish arafasida bo‘ladi. Bu paytda esa tog‘li Baxmal, Zomin va Yangiobod tumanlarida ipak qurtlarini tarqatish ishlariga endi kirishilayotgan bo‘ladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar pillachilikda ham o‘zining yorqin samaralarini bermoqda. Ayniqsa, hukumatimiz tomonidan keyingi 7 – 8 yil davomida pillachilik va ipakchilik sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, tizimga yangi loyihalar va investitsiya kiritish, moddiy manfaatdorlikni oshirish bo‘yicha sohaga taalluqli qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Xususan, Prezidentimizning 2024 yil 3 maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini yangi bosqichga olib chiqishda ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berganini alohida ta’kidlash joiz.

Sohada investitsiya muhitini yaxshilash, xomashyo bazasini kengaytirish, ipak qurti urug‘i hajmini ko‘paytirish, pilla yetishtiruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali aholi bandligini ikki va hatto uch barobarga oshirib va bu orqali kambag‘allikni qisqartirish, bozor mexanizmlarini jadallashtirish vazifalari belgilandi.
– Joriy yilda tumanimiz pillakorlari 933 quti ipak qurti urug‘idan 57 tonnalik xirmon yaratishni niyat qilishgan bo‘lib, yil boshida pilla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va 680 nafar kasanachi bilan shartnomalar tuzilgan, – deydi “Forishpilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatining rahbari G‘afur Begiyev. – Bir qutida 19,5 gramm ipak qurti bo‘lib, undan sanoat uchun 50-55 kilogramm pilla olinadi. Agar bir kilogramm pilla uchun kasanachiga 40 ming so‘mdan mehnat haqi to‘lanishini hisobga olsak, bir quti ipak qurtini parvarishlagan pillakor bir oyda ikki million so‘mdan ortiq daromad olishi mumkin.

Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qabul qilingan farmon va qarorlarning hayotga izchil tatbiq etilayotgani natijasida pilla xomashyosini yuqori darajada qayta ishlash hamda tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, tumanda ipak qurtining asosiy ozuqa bazasi bo‘lgan tutchilikni rivojlantirish, yangi tutzorlar yaratish borasida ham sezilarli ishlar olib borilayotgani tahsinga loyiq.

Forish tuman ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi, “Uchma” mahalla fuqarolar yig‘ini, “Forish agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatining rahbar va xodimlari birgalikda tumandagi “Uchma” hamda “O‘xum” MFY lardagi O‘xum, Abdukarim, Deriston, Bolomon, Birlashgan va Uchma qishloqlarida yashovchi aholining tomorqasidan samarali foydalanish, bo‘sh turgan yer maydonlarida tut plantatsiyalarini ko‘paytirish hamda pillachilikni rivojlantirish maqsadida “SILK EXSPYeRT PROCYeSSING” MCHJ tomonidan 27 ming 500 tup tut ko‘chati aholiga tarqatildi.
Bu yil bahor mavsumida tuman bo‘yicha 28 ming tupdan ziyod tut ko‘chatlari yakka qatorlarga hamda qayta o‘zlashtirilgan tutzorlarga ekildi. Ipak qurtining ozuqa zaxirasini yaratish uchun yana 197 gektardan ortiq maydonda mahalliylashtirilgan tut ko‘chatlari parvarish qilinmoqda.
Ayni paytda tumanda mahalliy hamda Xitoy ipak qurti urug‘larini fermer xo‘jaliklari hamda kasanachilar tomonidan parvarish qilishga jiddiy e’tibor qaratilgan.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri