Guliston shahridagi qurilish kollejida Bandlik va mehnat, qurilish, mudofaa hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari huzurida tashkil etilgan “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash qisqa muddatli o‘quv markazi” ilk bitiruvchilariga sertifikat va guvohnomalar topshirildi.
Markazda 130 nafar bitiruvchi 9 ta yo‘nalish bo‘yicha kasb-hunar egalladi. Eng muhimi, ushbu kurslarni tamomlaganlar xorijiy mamlakatlarda kafolatlangan ish bilan band bo‘lish imkoniga ega bo‘ldi. Shu bilan birga ushbu kurslarga qurilish sohasida o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan ( ish bilan band bo‘lmaganlar hamda ikkinchi mutaxassislikni egallashni istaganlar) yana yuz nafardan ortiq yoshlar qabul qilindi. Ayni vaqtda kurslarda o‘qish jarayoni davom etmoqda. Kurslarga qabul qilinganlar 9 ta yo‘nalishda jumladan, g‘isht teruvchi, elektrgaz payvandchi, bo‘yoqchi-bezakchi, santexnika ishlari ustasi, elektromontajchi va boshqa yo‘nalishlarda o‘qib, kasb-hunar egallaydi.

O‘qish muddati 3-4 oy davom etadi. Tinglovchilar 3 mahal issiq ovqat, maxsus kiyim bilan ta’minlangan. Muhtojlarga yotoqxonadan joy ajratiladi. Shu bilan birga kurs tinglovchilariga 560 ming so‘m stipendiya beriladi
Tantanada so‘zga chiqqan viloyat Mehnat va bandlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nurilla Mamatqulov, viloyat hokimining tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha yordamchisi Sirojiddin Isroilov, “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash qisqa muddatli o‘quv markazi” direktori Mansur Do‘simbetovlar bitiruvchilarni tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyat tiladi.

Furqat TOSHMATOV, O‘zA