Ilhom va ijodiy parvoz haftaligi
Bahor rassomlar uchun tabiatning eng maftunkor va goʻzal manzaralarini shosha-pisha, entikib tasvirga tushiradigan oʻziga xos ijodiy palla.
2020-yil – Ilm, maʼrifat va raqamli
iqtisodiyotni rivojlantirish yili
Bahor rassomlar uchun tabiatning eng maftunkor va goʻzal manzaralarini shosha-pisha, entikib tasvirga tushiradigan oʻziga xos ijodiy palla.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”ga bagʻishlab joriy yilning 20-25-aprel kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro tasviriy va amaliy sanʼat festivali sanʼat muxlislariga zavq, ijodkorlarga esa ilhom ulashuvchi loyiha boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.
Mazkur haftalikdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼati taraqqiyotida faol ishtirok etib kelayotgan ijodkorlarni ragʻbatlantirish, yurtimizda tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn sohalarini yana-da ommalashtirish, yoshlarni sanʼatga jalb etishdir.
Festivalning yuqori saviyada oʻtishida Badiiy akademiya bilan birgalikda Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Madaniyat, Tashqi ishlar vazirliklari, Oʻzbekiston Yozuvchilar, “Tasviriy oyina”, “Hunarmand“ uyushmalari, Oʻzbekiston ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi kabi tashkilotlar munosib hissa qoʻshishi koʻzda tutilgan.
Anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivalining tantanali ochilish marosimi Badiiy koʻrgazmalar direksiyasining ijodiy loyihasi bilan boshlanadi. Hakim Mirzaahmedovning “Rassom va shahar” deb nomlangan koʻrgazmasida rassomning etyudlari va rang-barang asarlariga keng oʻrin beriladi. “Oʻzbekiston miniatyurachilari ijodida, shuningdek, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari asarlarida shaharlar mavzusi” nomli koʻrgazma davomida yosh rassomlarning shaharsozlikka doir qiziqarli, oʻziga xos ijodiy yondashuv asosidagi kartinalari, tasviriy sanʼatning turli yoʻnalishidagi ishlari bilan tanishish mumkin.
Rossiyaning “Nevskaya palitra” badiiy boʻyoq zavodining interaktiv taqdimoti davomida zamonaviy badiiy boʻyoqlar, ulardan samarali foydalanish, kerakli ranglarni texnik jihatdan tayyorlay olishga oid qimmatli maʼlumotlar beriladi.
“Dunyo bolalar nigohida” Respublika bolalarning ijtimoiy moslashuvi markazi tomonidan tashkil etiladigan koʻrgazmada esa, ijtimoiy-tibbiy holatidan qatʼiy nazar, har bir bola oʻziga xos betakror dunyo, beqiyos isteʼdod sohibi ekaniga ishonch hosil qilish mumkin. “Mening shahrim” mavzusidagi badiiy koʻrgazma esa rassomlarning nainki oʻz shahriga, balki jonajon yurtimizga boʻlgan munosabatini aks ettirishi bilan ham ahamiyatlidir.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Sobir Rahmetov rahbarligidagi “Ustaxona” loyihasi ham koʻpchilik uchun qiziqarli boʻlishi mumkin. Unda mazkur oliy taʼlim dargohining chizmatasvir kafedrasi pedagoglari ijodi bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Tadbirlar Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi Markaziy koʻrgazmalar zali, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyi, Toshkent Fotosuratlar uyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi kabi sanʼat maskanlarida boʻlib oʻtadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi tomonidan tayyorlangan tarixiy liboslar namoyishi, talabalarining “EGO” ilmiy-eksperimental konferensiyasi, usta rassomlar, sanʼatshunoslar, hunarmandlar ishtirokidagi mahorat darslari, ijodiy muloqotlar haftalikni oʻziga xos bahs-munozara, rang-barang fikrlar maydoniga aylantiradi.