Malayziya O‘zbekiston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash salohiyati oshishiga umid qilmoqda, chunki har ikki davlat iqtisodiyot, turizm va yashil texnologiyalar kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga harakat qilmoqda. Bu haqda Malayziyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Tua Bin Illias “Bernama” va “RTM” nashrlariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
2024 yilda Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi 80,9 million AQSH dollariga yetib, diyorimiz ushbu o‘lkaning Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik savdo hamkoriga aylandi.
Malayziyadan mamlakatimizga eksport qilinadigan asosiy mahsulotlarga palma yog‘i, qahva, palma asosidagi oleokimyoviy mahsulotlar, margarin, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari va yong‘oq yog‘i kiradi, O‘zbekistondan esa asosan o‘g‘itlar, meva va to‘qimachilik mahsulotlari import qilinadi.
Diplomatning ta’kidlashicha, Malayziya palma yog‘iga 5,0 foizlik soliq O‘zbekiston hukumati tomonidan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Imtiyozning davom etishi Malayziya eksportini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
– Umid qilamizki, bu qadam o‘zbekistonlik xaridorlarni o‘z ta’minotini Malayziyadan olishda davom etishga undaydi. O‘zaro manfaatli yechim topishda har ikki davlatning tegishli idoralari o‘rtasidagi muzokaralar muhim deb hisoblaymiz, - deya qo‘shimcha qildi elchi.
Shuningdek, u o‘tgan yili Malayziyaga 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik sayyoh tashrif buyurgani va bunga havo aloqalari, jumladan, “Batik Air” va “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari sabab bo‘lganiga e’tibor qaratdi.
– Bu holat nafaqat sayyohlar, balki o‘zbekistonlik talabalar uchun ham foydalidir, - deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Ilhom Tua Bin Illias malayziyaliklarning O‘zbekistonga sayohat qilishga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.
– Fuqarolarimizning ko‘pchiligi Samarqanddagi hozirda qayta ta’mirlanayotgan Imom Al Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishni istashadi. O‘ylaymanki, majmua to‘liq bitkazilgach, u malayziyaliklarning sevimli maskaniga aylanadi, - dedi u.
Elchi o‘z intervyusida O‘zbekistonda Malayziyaning halol sertifikatiga katta qiziqish borligiga e’tibor qaratib, Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti halol sertifikati bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekistonning tegishli organlari bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolaganini qo‘shimcha qildi.
Savdo va investitsiyalar o‘rtasidagi qulayliklarga ko‘maklashish uchun ikkala davlat hozirda imtiyozli savdo bitimini (PTA) yaratish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
Ilhom Tuaning aytishicha, bunday asos bilan Malayziya yarim tayyor mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi va Yevroosiyo bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega O‘zbekistonga yakuniy qayta ishlash uchun yuborishi mumkin.
– Bu har ikki tomon uchun ham manfaatli sanaladi. Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi imtiyozli savdo kelishuvi yaqin istiqbolda katta natijalarni berishi mumkin, - deya qo‘shimcha qildi u.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA