Ilg‘or tajribalar o‘rganildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari tajriba almashish hamda hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan samarali loyihalarni o‘rganish maqsadida Toshkent viloyatiga keldi.
Ularning dastlabki manzili Yangiyo‘l tumanida joylashgan “AGROLAB” laboratoriyasi bo‘ldi. Mehmonlarga laboratoriyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va tuproq namunalarini tahlil qilish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda fermer va dehqon xo‘jaliklariga ko‘rsatilayotgan ilmiy-amaliy xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng, Chinoz tumanida amalga oshirilayotgan zamonaviy qurilish loyihalari bilan tanishildi. Xususan, dunyoning top 5-o‘rinda turuvchi Avstriyaning “ILF Consulting Engineers” kompaniyasi ishtirokida ko‘p qavatli turar joylarda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari taqdim etildi. Loyiha doirasida binolarning energiya samaradorligini oshirish, issiqlik yo‘qotilishini kamaytirish, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini joriy etish hamda aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Chinoz tumanidagi umumta’lim maktablarida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari bilan ham yaqindan tanishdi. Ta’lim muassasasida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, bino infratuzilmasini yangilash va o‘quvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi. Tanishuv davomida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ilg‘or yechimlar, xalqaro tajriba asosida amalga oshirilayotgan loyihalarning amaliy natijalari hamda ularni boshqa hududlarda tatbiq etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, mehmonlarga Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Rosen Park” MCHJ hududida amalga oshirilayotgan agroturizm loyihalari ko‘rsatildi. Delegatsiyaga tuman hokimi Uskenbay Atemov hamrohlik qildi. Maydoni 9 gektarni tashkil etuvchi mazkur loyiha agroturizm, ko‘chat yetishtirish va landshaft dizayni yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 10 million AQSH dollariga teng.
Tanishuv jarayonida korxonada Italiya va Turkiyadan keltiriladigan yarim tayyor ko‘chatlar mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilishi, parvarishlanishi va keyinchalik iste’molchilarga yetkazib berilishi haqida ma’lumot berildi. Loyiha doirasida yiliga qariyb 35 ming tup daraxt va manzarali ko‘chatlar yetishtirilmoqda. Shu bilan birga, hududda sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, yashil turizmni rivojlantirish hamda zamonaviy rekreatsion maskanlarni tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Mehmonlar loyiha doirasida yaratilgan infratuzilma, ko‘chat yetishtirish jarayonlari va agroturizm yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib, hududlarda bunday tashabbuslarni kengaytirish yuzasidan fikr almashishdi.
A.Musayev,O‘zA