Ilg‘or texnologiyalar amaliyotda
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtida zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qo‘riqlash tizimlari va ularning dasturiy ta’minotini joriy qilishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtida zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qo‘riqlash tizimlari va ularning dasturiy ta’minotini joriy qilishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.Mamlakatimizda zamonaviy talablarga javob beradigan kompleks elektron qo‘riqlash tizimlari keng joriy etilmoqda. Davlat tashkilotlari va muassasalari, madaniyat va sport obyektlarida huquq-tartibot va aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilmoqda. Turli vazifalarni bajarish uchun moslashtiriladigan smart-kameralar va boshqa ko‘plab ilg‘or texnologiyalar ham muvaffaqiyatli joriy etilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurtida zamonaviy elektron qo‘riqlash tizimlarini loyihalashtirish, montaj qilish va ishga tushirish bilan shug‘ullanadigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
– Kafedramiz zamonaviy qurilma va priborlar bilan jihozlangan to‘rtta ixtisoslashtirilgan sinfdan iborat, – deydi mazkur bilim yurtining muhandislik-texnik ta’minot kafedrasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Chuyev. – Kursantlar yangi datchik, analizator, ogohlantiruvchi moslamalar, videokamera va ko‘zga ko‘rinmas issiqlik nurlarini aniqlash imkonini beradigan optik-elektron tizimlardan foydalanishga asoslangan zamonaviy kompleks qo‘riqlash tizimlarini loyihalashtirishni o‘rganmoqda.
Seminarda "Elektron hukumat" tizimini himoya qilish usullari, IP-qo‘riqlash tizimlari, obyektlar xavfsizligini ta’minlaydigan zamonaviy tizimlar va videomonitoringga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan ko‘rgazmada eng so‘nggi rusumdagi radionurli datchiklar, videokuzatuv tizimlari, ko‘zga ko‘rinmas issiqlik nurlarini aniqlash imkonini beradigan optik-elektron tizimlar, perimetrli ogohlantirish moslamalari va boshqa markaziy qo‘riqlash tizimlari namoyish etildi.