Ilgʻor paxtakorlar dalasida bir kuni
Moʻl hosil yetishtirilgani samarasida uyushmadagi fermer xoʻjaliklari davlatga paxta sotish kontraktatsiya shartnomalarini birinchi terimning oʻzidayoq oshigʻi bilan bajarmoqda.
Guliston tumani “Bogʻishamol” suv isteʼmolchilari uyushmasidagi paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan 37 ta fermer xoʻjaligi joriy mavsum uchun 1 ming 30 gektar maydonga chigit qadagan edi. Bu maydonlardagi gʻoʻza barcha agro-texnik tadbirlarga rioya qilgan holda parvarish qilindi.
Moʻl hosil yetishtirilgani samarasida uyushmadagi fermer xoʻjaliklari davlatga paxta sotish kontraktatsiya shartnomalarini birinchi terimning oʻzidayoq oshigʻi bilan bajarmoqda.
Abror Eltoyev rahbarligidagi “Bogʻishamol taraqqiyoti” fermer xoʻjaligi 22 gektar paxta maydonining har gektaridan 30 sentnerdan hosil koʻtarib, davlat xirmoniga 66 tonna oq oltin yetkazib berdi. Birinchi terim oxirlamay, reja 100 foizga uddalandi. Toʻliq paxta terish mashinalarida yigʻib olingan hosil eng yuqori navga sotildi.
– Bu yil biz ekkan paxtaning “Sulton” navi – kam suv talab etadigan, shunday boʻlsada serhosil urugʻ ekan, – deydi “Oltin oʻrda” fermer xoʻjaligi rahbari Neʼmat Teshaboyev. – 45 gektar paxta maydonidagi hosilining 40 gektarga yaqinini yigʻib-terib oldik. Shu bugungi kungacha, shartnomadagi 150 tonna paxtani yuqori navga sotdik. Hosildorlik, hozircha 30 sentnerga toʻgʻri kelmoqda. Yana 5 gektardan ortiq maydonda birinchi terim paxtamiz turibdi. Hosil yigʻib olgan maydonlarimizdagi nihollarimizda hali ochilmagan boʻliq koʻsaklar koʻp.
Aʼzam Boymamatov rahbarligidagi “Ulkan xirmon fayzi”, Avazbek Toʻychiyev raisligidagi “Baxmal nur barakasi” va boshqa yana bir qator fermer xoʻjaliklarini ham hosildorligi yuqori boʻlayotir.
– Quyoshli, ochiq kunlardan foydalanib, hosilni tez va sifatli yigʻib-terib olishimizda 2 ta “Jon Deer”, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan 7 ta “TTZ-LS-100 HC” paxta terish kombayni operatorlarining xizmati katta boʻlyapti, – deydi “Bogʻishamol” SIU raisi Abror Eltoyev. – “Jon Deer” operatorlari Umid Olimov, Sanjar Qodirqulovlar har kuni 40 tonnaga yaqin, Sherali Begaliyev, Dilshod Sobirov, Inom Moʻminov kabi “TTZ-LS-100 HC” paxta terish kombaynlari operatorlari esa har kunda 8-10 tonnadan oshirib oq oltinni davlatimiz xirmoniga toʻkmoqda.
Shuningdek, qoʻl terimida sidqidil mehnat qilayotgan viloyat adliya boshqarmasi, Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari, tumanimizdagi “Tajribakor”, “Oqoltin”, “Baxmal” Hamid Olimjon nomli, Guliston shahridagi “ Ulugʻobod”, “Obod yurt”, “Bogʻishamol” mahalla fuqarolar yigʻinidan terimga chiqayotgan hasharchilarning xizmatlari katta.
– Erta boshlagan ishing barakali boʻladi, deyishgani uchun ham 3-4 dugona tongdan velosipedimizga shartta oʻtiramizda, terimga tushamiz, – deydi Guliston tumani Hamid Olimjon mahallasida istiqomat qiluvchi ilgʻor terimchi Gulilola Haqberdiyeva. – Mashina boshqa hasharchilarni dalaga olib kelgunga qadar biz 50-60 kilogrammdan paxta terib qoʻygan boʻlamiz. Tushlikning dalada tashkil etilayotgani ham ish unumdorligimizni oshiryapti. Har kuni 180-200 kilogrammdan oshirib paxta teryapman. Tergan paxtam uchun kuniga 150-160 ming soʻmdan ortiq naqd pul, yana bunga qoʻshimcha, 5-6 litrdan pista yogʻi olyapman.
Paxta dalalarida yigʻim-terim ishlari qizgʻin davom etmoqda.