Ilg‘or fermerlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Qashqadaryoda ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Qashqadaryoda ilg‘or fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Adliya hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Soliq, “Ergeodezkadastr”, Bojxona davlat qo‘mitalari vakillari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish jarayonida fermerlik harakatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida qator imtiyoz va qulayliklar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqliga aylantirishning afzalliklari, paxta hosildorligini 40 sentnerdan oshirib bajargan fermerlarga tegishli qonunlarga binoan beriladigan imtiyozlar xususida so‘z yuritildi.
Masalan, yuz gektar paxta maydonining har gektaridan 40 sentnerdan oshirib hosil olgan fermer davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozga ko‘ra, nafaqat navbatsiz mashina olish huquqiga, balki dalasining 5 foiz qismida qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Bu fermer va uning xo‘jaligi a’zolari manfaatdorligini oshirib, faoliyat turini kengaytirish, qo‘shimcha mahsulot yetishtirish va uni eksport qilishni rag‘batlantiradi.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 8 ming 100 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Ulardan 3 ming 728 tasi ko‘p tarmoqliga aylantirilgan. Ularning 2 ming 983 tasi qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. 684 fermer xo‘jaligi qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratayotgan bo‘lsa, oltmish bittasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bilan ham shug‘ullanayotir.
Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.