Ikkita bog‘cha foydalanishga topshirildi
Uchtepa tumani Zargarlik mahallasida 1966-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan 334-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya ishlaridan so‘ng foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari D.Rahimova so‘zga chiqib, bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimiga berilayotgan e’tibor natijasida bolalarimiz uchun zamonaviy va xavfsiz muhit yaratilayotgani, bu kabi yangilanishlar yosh avlod kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Mahallalardagi ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilish ishlari izchil davom etishini ta’kidladi.

Hozirda muassasa 390 nafar bolani qamrab olib, ular uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz ta’lim-tarbiya sharoitlari yaratildi.

Shuningdek, tumanning Diyorobod mahallasida joylashgan 601-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham o‘z faoliyatini boshladi.

Tashkilot 1992-yilda bunyod etilgan bo‘lib, uzoq yillar davomida to‘liq quvvatda faoliyat yurita olmay kelgan edi. Muassasaning 24 guruhidan atigi 15 tasi faol bo‘lib, 420 nafar tarbiyalanuvchi qamrab olingan, 9 ta guruhning achinarli holati sababli esa 270 nafar bolajonlarimiz ushbu maskandan foydalana olmagan.

Ushbu tashkilot davlatimiz rahbarining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 — 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida to‘liq rekonstruksiya qilinib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Endilikda 24 ta guruh va 24 ta zamonaviy bolalar maydonchasi to‘liq foydalanishga topshirildi. Eng muhimi, hududdagi 720 nafar bolajon sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Gulnoza Boboyeva,
O‘zA