
Toshkentda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning Hukumatlararo yo‘lchilar kengashi tomonidan “Ikkinchi xalqaro Markaziy Osiyo yo‘llari” (CARS — 2023) anjumani o‘z ishini boshladi.
Avtomobil yo‘llari sohasidagi jahon miqyosida erishilgan yangi innovatsion yutuqlarni o‘rganish, ilg‘or texnologiya va zamonaviy texnikalarni yo‘l sohasiga tatbiq etish hamda sohadagi yetakchi davlatlar korxonalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqin aloqa o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 30 ga yaqin davlat delegatsiyalari ishtirok etmoqda.

Anjuman “InDorTech” kompaniyasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va MDH mamlakatlari Hukumatlararo yo‘lsozlar kengashi ko‘magida o‘tkazilayotgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyo avtoyo‘lchilarining yo‘l sanoati sohasida erishgan yutuqlari va yo‘l ishlari hamda xizmatlari bozoridagi innovatsion g‘oyalar bilan fikr almashishiga imkoniyat beradi.

Yo‘l sohasi ishtirokchilari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish, dolzarb muammolarni hal qilish, sanoat va yo‘l xizmatlari bozori va holati, reytingi, rivojlanishi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish, turli mamlakatlarning yo‘l sohasidagi so‘nggi yutuqlari bilan tanishish hamda o‘z biznesi va Markaziy Osiyo mamlakatlari yo‘l sanoati rivoji uchun yangi sheriklarni topishga xizmat qiladi.



Shuningdek, anjuman doirasida yo‘l qurilish materiallari, uskunalari va texnologiyalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, AQSH kabi davlatlarning dunyo reytingida yetakchi o‘rinlarni egallab turgan kompaniyalarining mahsulotlari namoyish etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA