O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, qolaversa, muborak Ramazon oyi munosabati bilan “Nuroniy” uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, senator O‘ktamjon Oxunov boshchiligida bir guruh nuroniylar Marhamat tumani Paxtakor mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Iminjon ota Temirov xonadonida bo‘ldi.
Bugun o‘zining qutlug‘ 100 yoshini nishonlayotgan Iminjon ota Temirov Ikkinchi jahon urushi janggohlarida qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan mard va jasur yurtdoshlarimizdan biridir.

Bugungi tinch, dorilamon, nurafshon kunlarga yetishimizda janggohlarda o‘lim bilan yuzma-yuz kelib, dushmanni yer tishlatgan, g‘alaba bilan yurtga qaytgan, keyin esa yurtni tiklash, hayotimiz farovonligi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilgan Iminjon ota Temirov singari nuroniylarning xizmatlari beqiyos. Ularni har qancha e’zozlasak, hurmat ko‘rsatsak kamlik qiladi.

Tashrif davomida nuroniylar Iminjon ota bilan dildan suhbat qurdi. Urush xotiralari yodga olindi.
“Nuroniy” uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi nomidan Iminjon otaga sovg‘a-salomlar topshirildi.

El-yurt, mahalladoshlar, farzand va nabiralari ardog‘ida, keksalik gashtini surib umrguzaronlik qilayotgan Iminjon ota yurtimizda keksalarga, urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va yo‘qlovlardan mamnun ekanligini bildirdi.
Urush va mehnat faxriylari, nuroniy keksalarni yo‘qlashdek bu kabi xayrli ishlar Andijonning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari