Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 2026 yilga borib 38 millionni tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Bu esa aholini uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji yildan-yilga oshayotganini anglatadi. Mutaxassislarning bergan ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimiz aholisining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish uchun yiliga kamida 100-150 mingta uy-joy qurish kerak ekan.
So‘ngi yillarda aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida qator farmon va qarorlar imzolandi. Shuningdek, aholini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida uy-joy uchun ipoteka kreditlari, subsidiyalar ajratilmoqda. Shular xususida ma’lumot olish maqsadida Moliya vazirligi Ipoteka krediti bozorini moliyalashtirish va rivojlantirish departamenti direktori Baxtiyor Rajabov bilan suhbatlashdik.
- Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tizimi joriy etildi. O‘tgan uch yil davomida aholi uy-joy olishi uchun qancha ipoteka krediti ajratilgan?
- 2020 yilda aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ipoteka kreditini berish, bozor tizimini shakllantirish va rivojlantirish, uy-joy qurilishiga xususiy sektorni kengroq jalb etish va butunlay shu tizimga o‘tish maqsadida Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tizimi joriy etildi.
Mazkur tizim doirasida yer uchastkalari tadbirkorlarga ye-auksion orqali realizatsiya qilish belgilangan. Auksionda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlar tomonidan ko‘p qavatli uy-joylarni o‘z hisoblaridan bank krediti orqali qurilishi belgilangan.
Shu bilan birga, ipoteka krediti bozorini resurslar bilan ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi tijorat banklariga depozit resurslarini joylashtirish orqali bozorda resurslar, ya’ni mablag‘ bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
2020 yildan joriy yilning bugungi kun holati bo‘yicha qariyb 50 mingdan ziyod aholiga 18 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratildi. 2021 yilda 408 trillion ipoteka krediti ajratilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 8 oy davomida 4,2 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilgan.
- Joriy yilda aholiga uy-joy olishi uchun qancha kredit mablag‘lari ajratiladi?
- Joriy yilda 12,8 trillion so‘m ipoteka krediti ajratilishi belgilangan. Bundan tashqari, mazkur tizim doirasida daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholiga davlat byudjetidan boshlang‘ich badal foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tizimi joriy etilgan.
Mazkur tizim doirasida boshlang‘ich badal uchun subsidiyalar qat’iy belgilangan - 32 million so‘mda. Foiz to‘lovlarining bir qismini to‘lash uchun 10 foizdan oshgan qismiga to‘lanadi. Misol uchun, bugungi kunda o‘rtacha ipoteka kreditlari 17 foizli bo‘lsa, subsidiya xabarnomasini olgan fuqarolar birinchi 5 yil davomida 10 foizdan oshgan qismini to‘laydi. Qolgan 7 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi. Mazkur tizim 2020 yilda joriy etildi.
2021 yilda 8 mingdan ziyod aholiga 304 milliard so‘mlik subsidiya to‘lab berildi. Joriy yilning 8 oyida 9,5 mingta fuqaroga 416 milliardlik so‘m subsidiyalar to‘lab berildi. bugungi kunda kelib tushgan xabarnomalar asosida fuqarolarga subsidiyalar to‘lab berilmoqda.
- Nima uchun uy-joyga ajratilgan ipoteka kreditlari foizi yuqori? Foizini tushirsa bo‘lmaydimi?
- Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilsa, kredit foizlari ham pasaytiriladi. Oshirilsa, kredit foizlari ham oshiriladi. Bu dastur 2020 yilda boshlangan. O‘shanda Markaziy banening asosiy stavkasi 16 foiz edi. bugungi kunda 14 foizga tushirilgan. Bizdagi ipoteka krediti foizi ham mutanosib ravishda pasaytirilgan.
Dunyoda bo‘lgan iqtisodiy masalalar bo‘yicha Markaziy bank asosiy stavkasi oshirilgan edi. Ammo, ipoteka krediti foiz stavkalari oshirilmadi. Ya’ni bugungi kundagi 10 foiz saqlanib qolgan.
bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar natijasida Markaziy bank stavkalari barqarorlashishi, tushishini inobatga olib, kurs stavkalar ham tushirib boriladi. Ya’ni siz bugun kredit olsangiz, stavka oshib borishi hisobiga sizning kreditingiz foizi ham tushib boradi.
- To‘g‘ri, banklar o‘z resursi hisobidan ikkilamchi bozordan uy-joy olish uchun kredit berilmoqda. Ammo ularning foizi juda yuqori. Qachon ikkilamchi bozordan uy-joylar sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi?
- Ipoteka bozorini rivojlantirish, zamonaviy mexanizmini joriy etish uchun 2019 yil Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilgan. Mazkur kompaniyaning asosiy vazifalari ipoteka krediti bozorini resurslar bilan ta’minlash, ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqarish chet el investorlariga joylashtirish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur kompaniya ochilishi Osiyo taraqqiyot banki bilan 2019 yilda qarz bitimlar doirasida amalga oshirilgan. Ya’ni kompaniya faoliyatini tashkil etish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan davlat kafolati asosida 150 million dollar mablag‘lar jalb etilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan banklar ipoteka kreditini ajratadi.
Kompaniya bilan Osiyo taraqqiyot banki muvofiq mezonlariga mos kelgan kreditlarni kompaniya qayta moliyalashtiriladi. bugungi kunda qo‘shimcha mablag‘lar jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Mazkur muzokaralar natijasiga ko‘ra, qo‘shimcha mablag‘lar jalb etilishi kutilmoqda. Muzokaralar shu yil oxirigacha bo‘ladi. Muzokaralar tugaganidan so‘ng bitimlar asosida Ipotekani qayta moliyalash kompaniyasi tomonidan banklar tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari qayta moliyalashtiriladi.
- bugungi kunda subsidiya xabarnomasini olgan fuqaro qurilish firmalari bilan bir yilga shartnoma qilmoqda, biroq, qurilish cho‘zilib, subsidiya muddati tugab qolmoqda. Subsidiya muddatini uzaytirish mumkinmi?
- bugungi kunda subsidiya berish tizimi o‘zgartirilgan. Agar subsidiya xabarnomasining muddati tugagan bo‘lsa, fuqaro olgan subsidiyasini rad etib, yana takroran ariza yozadi. Fuqaroga qayta subsidiya ajratiladi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/G3t7_DyY8S4" title="Ikkilamchi bozordan uy joylar sotib olish uchun ipoteka kreditlari yil oxirida ochilishi ma’lum qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA