«Ikki qutb orasida»: Afg‘onistonning yaqin tarixi diplomat nigohida
Tarixi va an’analari muayyan ma’noda uyg‘un bo‘lgan Afg‘onistonning buguni va yaqin tarixi haqida nimalarni bilamiz? Bu savolga taniqli diplomat, jonkuyar hamyurtimiz, «Do‘stlik» ordeni sohibi Yodgorxo‘ja Shodmonovning «Yangi sahifa» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Ikki qutb orasida» nomli avtobiografik asarini mutolaa qilish orqali batafsil javob topish mumkin.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur kitobning keng jamoatchilik uchun taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu asar uzoq yillar davomida diplomatik sohada faoliyat yuritgan tajribali elchining qalb kechinmalari, siyosiy kuzatuvlari va falsafiy mushohadalarini o‘zida mujassam etgan nodir tarixiy-badiiy manbadir.
Muallif Afg‘oniston Islom Respublikasining ikki prezidenti davrida ham, «Tolibon» harakati hokimiyatni egallagan eng tahlikali kunlarda ham o‘z xizmat burchini sidqidildan bajargan. Hatto O‘zbekiston elchixonasi yaqinida sodir etilgan terrorchilik hujumi oqibatida og‘ir jarohat olib, uzoq muddat davolanganiga qaramay, mardlik va matonat bilan diplomatik missiyasini davom ettirgan.
[gallery-29874]
— Bu yillar davomida men nafaqat xizmat burchimni ado etdim, balki dunyoqarashimni ham kengaytirdim, inson, tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmatini yanada teranroq angladim, — dedi kitob muallifi Yodgorxo‘ja Shodmonov. — Mehr-oqibatning beqiyos kuchini his qildim. Afg‘on zaminida hayotning turli ziddiyatlari bilan yuzma-yuz kelib, o‘zligimni yanada chuqurroq angladim. Ikki qutb o‘rtasida kechgan hayot menga sabrning chegarasiz kuchini, do‘stlikning beqiyos qudratini va osoyishtalikning eng bebaho ne’mat ekanini yana bir bor anglatdi. Diplomatik xizmatning mashaqqati, doimiy mas’uliyati, xavf-xatar va sinovlari irodamni tobladi.
Kitobda Balx, Jauzjon, Samangon, Faryob, Qunduz, Sari-Pul va Hirot viloyatlari, shuningdek, Kobul, Mozori Sharif, Shibirg‘on hamda G‘azni shaharlarining o‘ziga xos manzaralari, afg‘on dehqonlarining matonati va mehmondo‘stligi samimiy va ta’sirchan tilda tasvirlangan. Shu bilan birga, mamlakat siyosiy hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan qariyb 100 nafar siyosiy arbob va qo‘mondonning siyosiy qiyofasi ham yoritilgan.
Asarning alohida boblarida 2016-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiqlik, o‘zaro ishonch va konstruktiv muloqotga asoslangan pragmatik tashqi siyosatning mazmun-mohiyati hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar dinamikasi keng yoritilgan.
Kitob voqealar rivoji va xronologiyasi asosida bir necha yirik qismlarga ajratilgan bo‘lib, har bir bo‘lim noyob fotosuratlar bilan boyitilgan.
«Ikki qutb orasida» asari milliy diplomatiya sohasi vakillari, afg‘onshunoslar, mintaqashunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, ilmiy tadqiqotchilar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun mo‘ljallangan.
Aytish kerakki, Yodgorxo‘ja Shodmonov 1961-yil 11-aprel kuni tug‘ilgan. U mehnat faoliyati davomida yoshlar tashkilotlarida, Toshkent davlat texnika universitetida prorektor, shuningdek, «Yoshlik» talabalar shaharchasi hokimi o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qilgan.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi tizimida Diplomatik servis xizmati kotibiyati mudiri, Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘i, Konsullik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari kabi mas’uliyatli vazifalarda faoliyat yuritgan.
Uning diplomatik faoliyatidagi eng murakkab va sharafli davr Afg‘oniston bilan bog‘liq. U 2005–2009-yillarda Mozori Sharif shahrida O‘zbekistonning Bosh konsuli, 2012–2024-yillarda esa O‘zbekiston Respublikasining Afg‘onistondagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida samarali xizmat qilgan.
Davlat rahbari tomonidan uning fidokorona mehnati va mamlakat tashqi siyosati sohasidagi xizmatlari yuksak baholanib, 2022-yilda «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Taqdimot tadbirida mamlakatimiz diplomatiyasi tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur asar, unda yoritilgan Afg‘onistonning buguni va yaqin tarixi, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning turli jihatlari haqida atroflicha fikr almashildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari