Ikki qirrali qilichi bor harbiy AI
“Xalqaro minbar” loyihasining navbatdagi mehmoni – Shri Lanka vakili, taniqli jurnalist Muhammad Qosim Rasuliddin O‘zAga bugungi kun uchun dolzarb hisoblangan mavzu yuzasidan maqola taqdim etdi.
Muallif haqida

Muhammad Qosim Rasuliddin 1948 yil Shri Lankada tug‘ilgan. Kolombo shahridagi “Zahira” kollejida tahsil olgan. Faoliyatini mamlakat poytaxtida sinhala, tamil va ingliz tillarida nashr etiladigan “Iqra” gazetasida muxbirlikdan boshlagan. So‘ngra ko‘p yil davomida Kolombodagi Dorussalom va Kotahena kollejlarida direktor bo‘lib ishlagan.
1987 yil Saudiya Arabistonida chop etiladigan “Riyadh Daily” gazetasida faoliyat yuritgan. 2019 yildan buyon Shri Lankadagi “Colombo Times” axborot nashri Bosh muharriri. Shu bilan birga “Arab News” yangiliklar portalining mamlakatdagi maxsus muxbiri.
Hukumat tomonidan “Eng yaxshi jurnalist” milliy mukofoti bilan taqdirlangan.
Geosiyosiy maydonda harbiy AIni boshqarish
Bugungi globallashuv davrida hukumatlar rivojlanayotgan va buzuvchi texnologiya sohasida yetakchilik uchun raqobatlashmoqda. Achinarli tomoni, harbiy sun’iy intellekt (AI) uchun keng qamrovli global boshqaruv tizimi yo‘qligi xavfli bo‘shliq keltirib chiqargan. Ayni bo‘shliq kuchli texnologiya toifasini nazoratsiz qoldiradi, xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikka xavfni kuchaytiradi, qurol noqonuniy tarqalishiga sabab bo‘ladi va xalqaro huquq me’yorini shubha ostiga qo‘yadi.
Ayrim davlatlar sun’iy intellektda ustunlik uchun kurashayotgani sababli geosiyosiy manzara keskinlikka boy ko‘rinishga ega. Agar sun’iy intellekt haqiqatan atom bombasi kabi insoniyat kelajagini yo‘q qilib yuborish darajasida ekzistensial xavf tug‘dirsa, ko‘pchilik ta’kidlaganidek, harbiy AI uchun umumiy e’tirof etilgan global boshqaruv tizimi yo‘qligi xavotirli. Kelajak uchun Oppengeymer, hozirgi missiyaning esa o‘tish xavfi ko‘proq tashvishli. Zero, dastlab ma’lum fuqarolik vazifasiga mo‘ljallangan AI tizimi harbiy maqsadga xizmat qilish uchun qayta ishlatilishi mumkin.

Ayni payt AQSH va Xitoy kabi yirik davlatlar harbiy texnologiya yo‘nalishida keskin raqobatga kirishgan. Xitoyning 2019 yilgi milliy mudofaa rejasi “intellektuallashtirilgan” nazariyani ilgari surdi. Bu jarayonda AIdan foydalanish armiyani modernizatsiya qilish uchun juda muhimligi ta’kidlandi. Qo‘shma Shtatlar harbiy AI qobiliyati kuchayib ketishidan xavotirlanib, Pekinning AI modellari uchun juda muhim bo‘lgan ilg‘or yarim o‘tkazgichlarga kirishini cheklashga e’tibor qaratdi. Afsuski, bunday sa’y-harakat AQSH manfaatiga yoki xalqaro tinchlikni asrashga xizmat qiladimi yoki yo‘qmi, bu noaniq.
Sun’iy intellektni tadqiq qilish bo‘yicha jahon yetakchisi “Open AI” yadroviy faoliyatni kuzatib boruvchi Xalqaro atom energiyasi agentligiga o‘xshash, sun’iy intellektni nazorat qiluvchi organ tashkil etishga chaqirdi. Bu taklif BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga o‘xshash harbiy AI ishlanmalaridan strategik ustunlikka intilayotgan hukumatlarni qoralaydigan ushbu global shartnoma faqat nazariy jihatdan ustunlikka ega.
Ma’lumki, Rossiya Ukrainada davom ettirayotgan harbiy amaliyot AIni qo‘llagan holda milliy xavfsizlikni qanday shakllantirish mumkinligini allaqachon namoyish etgan. Yoki Isroilning G‘azo sektoridagi algoritmik harbiy harakati xalqaro huquqiy va strategik dilemmalarni yanada kuchaytiradi.

Tahlilchilar fikricha, harbiy AI tushunchasi chuqurroq tanqidiy tahlil talab qiladi, chunki ko‘pincha qurolni qo‘llash poygasi sifatida talqin qilinadi. AI ziddiyatning deyarli barcha jabhalari, jumladan mudofaa innovatsiyasi, sanoat ta’minot zanjiri, fuqarolik-harbiy munosabat, harbiy strategiya, jangovar boshqaruv, o‘quv protokoli, prognozlash, logistika operatsiyasi, kuzatuv, ma’lumotni boshqarish va kuchni himoya qilish choralarini shakllantirish xususiyatiga ega.
Shunisi aniqki, harbiy AI xavfsizlik uchun ikki qirrali qilich. AQSH Kiber va infratuzilma xavfsizligi agentligi direktori Jen Esterli ta’biri bilan aytganda, “zamonimizning eng kuchli quroli”.
Boshqa tomondan sun’iy intellektga virus kirishi oqibatida yuzaga chiqadigan halokatli natija bilan bog‘liq ko‘plab holatlar mavjud. Masalan, dasturiy ta’minot odamni tanimay qolishi yoki noto‘g‘ri identifikatsiya natijasida o‘lim holati kuzatilishi tez-tez uchraydi. Eng tashvishli jihati shundaki, qarama-qarshi usullar mojaroda maqsadli yordam tizimi manbasi kodini o‘zgartirish uchun ishlatilishi mumkin. Bunda AI maktab avtobusini dushman transporti sifatida belgilashi hech gap emas.

Bugungi kunda harbiy AIni boshqarish bo‘yicha diplomatik harakat davom etmoqda. Jumladan, 2023 yil ikki muhim tashabbus paydo bo‘ldi. Fevral oyida Niderlandiya va Janubiy Koreya hamkorligida o‘tkazilgan “Harbiy sohada mas’uliyatli sun’iy intellekt” (REAIM) sammiti davomida Qo‘shma Shtatlar sun’iy intellektdan mas’uliyatli harbiy foydalanish to‘g‘risida siyosiy deklaratsiya e’lon qildi. Dekabr oyida esa BMT davlatlari sun’iy intellekt va avtonom qurol tizimi bilan bog‘liq “jiddiy muammolar va xavotirlar”ni qayd etib, xalqaro xavf-xatar to‘g‘risidagi rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. BMT Bosh kotibi 2026 yilgacha insonning nazorati ostida yoki nazoratisiz ishlaydigan, xalqaro gumanitar huquqqa mos kelmaydigan qurollarni taqiqlash uchun qonuniy kuchga ega shartnoma tuzishga chaqirdi.
Xulosa shuki, harbiy AI uchun keng qamrovli global boshqaruv tizimini yaratish kelajakni himoya qilish uchun monumental muhim vazifa sifatida ko‘p manfaatdor tomonlarning barqaror himoyasini, uzviy xalqaro hamkorlikni talab etadi.
O‘tkir Mirzo tayyorladi.
O‘zA