Ikki qardosh xalqning sevimli ijodkori
Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ibroyim Yusupov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Shoir va yozuvchilarning asarlari el dardini, ruhiyatini ifodalasa, albatta, uning qalbidan joy oladi. O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov ikki qardosh xalqning sevimli ijodkori sifatida qadrlanishi ham bejiz emas. Mazkur nomning o‘ziyoq o‘zbek kitobxonlariga ijtimoiy-badiiy qimmati bebaho, ruhiyati Ustyurt kengliklaridek bepoyon, ohangi qo‘biz va do‘mbira nolalaridek dilrabo she’rlar, dostonlarni eslatadi. Shoir o‘z kuch-quvvati, iste’dodi, butun hayoti va ijodini el-yurt xizmatiga bag‘ishlagan. Shuning uchun nafaqat qoraqalpoq xalqi, balki o‘zbek xalqi ham Ibroyim Yusupov asarlarini jonu dili bilan sevib o‘qiydi.


Farg‘onada bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir shoir xotirasi va merosiga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi. Filologiya fakultetida tashkil etilgan anjumanda Qoraqalpog‘istondan kelgan mehmonlar, shoir va yozuvchilar, olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
– O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari azaldan qon-qardosh, quda-anda bo‘lib kelgan. Bu mehr rishtalarini mustahkamlash, ikki tilda ijod qilish, xalqimiz ma’naviyati va adabiyotiga sezilarli hissa qo‘shishda Ibroyim Yusupovning xizmatlari katta bo‘lgan, – deydi universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori P.Otaqulov. – Ezgu an’anani davom ettirish maqsadida oliygohimizda adib ijodiga bag‘ishlab alohida xona tashkil etildi. Uning asarlari ko‘rgazmasi yo‘lga qo‘yildi.


Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi O‘rozboy Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor Siddiqjon Mo‘minovlar ham serqirra ijodkor faoliyatiga doir qiziqarli ma’lumotlarni so‘zlab berdi. Qoraqalpog‘istondan kelgan mehmonlar hamda konferensiya qatnashchilariga omadlar tilashdi.
Tadbir doirasida “Ko‘ngildagi keng dunyo” nomli adabiy-badiiy kecha tashkil etilib, Ibroyim Yusupov asarlari asosida yaratilgan spektakl namoyish etildi. Adib ijodiga oid mushoira, o‘zbek va qoraqalpoq tillarida jaranglagan qo‘shiq va she’rlar, ijro etilgan raqslar kechaga fayz bag‘ishladi. Adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini esa bilimdon talabalarda katta taassurot qoldirdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada bir qator olimlar va tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Yangicha ilmiy qarashlar ishtirokchilarda qiziqish uyg‘otdi, bahs-munozaralar davom etdi.


M.Sulaymonov, O‘zA