Bugungi kunda avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar safi kengayib bormoqda. Ammo ushbu faoliyatning ham o‘z tartib va qoidalari mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 dekabrdagi 1015-son qarori bilan tasdiqlangan “Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga ko‘ra, transport vositalarini ijaraga berish faoliyati bilan faqat qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar shug‘ullanishi va ijarachidan, albatta, tegishli haydovchilik guvohnomasi taqdim etilishi shart. Biroq, amalda bu talablarga har doim ham rioya etilmayapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Dilmurod Ismoilov mamlakatimizda avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshirish holatlari va buning natijasida kelib chiqayotgan og‘ir oqibatlar yuzasidan jiddiy tashvish bildirib, O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.Mahkamov hamda ichki ishlar vaziri A.Toshpo‘latovga deputatlik so‘rovi yubordi. Bu haqda “Adolat” SDP matbuot xizmati ma’lum qildi.
Deputat so‘rovida so‘nggi yillarda fuqarolarga sifatli servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ayrim “tadbirkorlar” inson hayoti va sog‘lig‘idan o‘z manfaatlarini ustun qo‘yib, belgilangan qoidalarni chetlab o‘tayotganiga e’tibor qaratdi.
Bunga misol sifatida so‘nggi kunlarda Namangan viloyatida yuz bergan bir qator ayanchli hodisalar keltirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, “Namangan yezda moshina” kabi telegram guruhlari orqali yuqoridagi qaror talablariga zid ravishda, hatto voyaga yetmagan va transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarga ham avtomobillar ijaraga berilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, og‘ir yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2024 yil 2 oktyabr kuni Namangan shahrida 5 nafar o‘quvchiga noqonuniy ijaraga berilgan “Jentra” avtomashinasi ishtirokidagi YTH oqibatida uch nafar o‘smirning hayotdan bevaqt ko‘z yumgani achinish bilan qayd etilgan.
Deputat bunday noqonuniy faoliyat mamlakatimizning boshqa hududlarida ham uchrayotgan bo‘lishi mumkinligi va ularning harakatlariga o‘z vaqtida huquqiy baho berilmasligi yanada mudhish oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Shu munosabat bilan deputat Dilmurod Ismoilov transport vaziri va ichki ishlar vaziridan bir qator masalalarga oydinlik kiritishni so‘ragan.
Xususan, avtomototransport vositalarini qisqa muddatga ijaraga berish faoliyatini noqonuniy amalga oshiruvchi shaxslarni barvaqt aniqlash borasida qanday ishlar qilinmoqda? Ikkinchidan, aniqlangan qonunbuzarlarga nisbatan qanday choralar ko‘rilmoqda? Uchinchidan, bu kabi huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? To‘rtinchidan, mazkur masala yuzasidan vazirlarning shaxsiy nuqtai nazari qanday?
Xalq vakilining ushbu so‘rovi qonun ustuvorligini ta’minlash barobarida aholi xavfsizligi va salomatligini himoya qilishga qaratilgani bilan e’tiborga molik.
Muhtarama Komilova tayyorladi.
O‘zA