Ikki nafar bokschimiz “Yerevan Mayor Cup” finalida jang o‘tkazadi
Bugun, 25-iyul kuni Armaniston poytaxti Yerevan shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan “Yerevan Mayor Cup” turnirining final janglari bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning eng kuchli bokschilari ishtirok etayotgan nufuzli turnir finalida O‘zbekiston terma jamoasining 2 nafar a’zosi ishtirok etadi.
Kecha -90 kg. vazn toifasining yarim final bahsida eronlik Hadi Mohammadnejadni 5:0 hisobida mag‘lub etgan To‘rabek Habibullayev bugungi final jangida Armaniston vakili Davit Simonyan bilan to‘qnash keladi.

Shuningdek, bir kun muqaddam -55 kilogrammda mezbonlar vakili Suren Rubinyanni yenggan Shahzod Muzaffarov oltin medal yo‘lidagi jangda yana bir armanistonlik bokschi Vagharshak Keyan bilan ro‘baro‘ keladi.
Eslatib o‘tamiz, terma jamoamiz a’zolaridan Iqboljon Xoldorov va Samandar Olimov “Yerevan Mayor Cup” turnirining bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA