Ikki nafar bokschimiz chorak finalda ringga ko‘tariladi
Tokio 2020 XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari qizg‘in pallaga kirib bormoqda.
Bugun Yaponiyadagi mashhur “Kokugikan Arena”sida ikki nafar bokschimiz Shahobiddin Zoirov (-52 kg.) va Elnur Abduraimov (-63 kg.) mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Dastlab Shahobiddin Zoirov Kabo-Verde vakili Varela Daniel bilan bahsga kirishdi. Shubhasiz, tajriba va mahorat bobida ancha ustun bo‘lgan Zoirov bahsni o‘z foydasiga hal qilishga muvaffaq bo‘ldi. Endi Shahobiddinga chorak finalda filippinlik Karlo Palam raqiblik qiladi.
Elnur Abduraimov esa tojikistonlik tajribali bokschi Bahodur Usmonovga qarshi ringga ko‘tarildi. Murosasiz o‘tgan bahs yakunida hamyurtimiz 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalga yo‘l oldi. Endi Elnurga chorak finalda armanistonlik Ovanes Bachkov raqiblik qiladi.
Bokschilarimizning navbatdagi chorak final jangi 3 avgust kuni o‘tkaziladi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA