Ikki mingdan ziyod yoshlar ishli boʻladi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Koʻkdala mahalla fuqarolar yigʻini aholisi tomorqada tarvuz yetishtirish boʻyicha uzoq yillik tajribaga ega.
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Koʻkdala mahalla fuqarolar yigʻini aholisi tomorqada tarvuz yetishtirish boʻyicha uzoq yillik tajribaga ega. Ayniqca, hududdagi Oʻtamayli qishlogʻilik dehqonlarning tarvuz yetishtirishdagi tajribasi keyingi yillarda keng ommalashtirilib, boʻsh turgan lalmi yer maydonlarida eksportbop tarvuz yetishtirish hajmi oshirilmoqda. Oʻtgan yilda chiroqchilik dehqonlar mehnati evaziga qariyb 1,5 million dollarlik tarvuz eksporti amalga oshirildi.
Bu yil ham lalmi yerlarga tarvuz ekish jarayoniga uyushqoqlik bilan kirishilmoqda. Maqsad eksport hajmini yana-da oshirish. Joriy yilda Koʻkdala hududida jami 14 ming gektar lalmi yerda tarvuz ekilishi rejalashtirilmoqda. Shundan, 9 ming 300 gektari 385 ta fermer xoʻjaliklari yer maydoniga, 4 ming 700 gektari aholi tomorqalariga ekiladi. Shundan kelib chiqib, joriy mavsumda hudud boʻyicha jami 5 ming 30 gektar ertachi, 4 ming 718 gektar oʻrta va 4 ming 252 gektar kechgi tarvuz parvarishlanadi.
Har yilgidan farqli oʻlaroq bu yilgi tarvuz yetishtirish ishlariga 2 ming nafardan ziyod uyushmagan yoshlar ham mavsumiy ishga jalb qilinadi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan ularning har biriga “Bir yoshga bir gektar“ loyihasi doirasida yer ajratiladigan boʻldi. Bu borada yoshlarga yetarlicha sharoitlar yaratish uchun 67 ta artezan quduq kovlash ishlari olib borilmoqda.
Xoʻsh, bu boradagi ishlar qanday tartibda amalga oshiriladi?
Tuman hokimligi tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, joriy yilda Chiroqchi tumanida 14 ming gektarga tarvuz ekish rejalashtirilgan boʻlib, qoʻshimcha Koʻkdala hududida 4 ta sektor tomonidan har biriga 100 gektardan jami 400 gektar samarasiz foydalanib kelinayotgan lalmi yer maydonlari tanlandi. Uyushmagan 52 nafar yoshga 1 gektardan yer ajratib tuman hokimi qarori chiqarildi. bu boradagi ishlar davom etayotir.
Tijorat banklarining imtiyozli kredit mablagʻlari evaziga ajratilgan yer maydonlarida plyonka ostiga tarvuz ekish uchun zarur boʻlgan plyonka va urugʻ yetkazib berildi. Hozirda ushbu yer maydonlarida eksportbop tarvuzni plyonka ostiga ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu tashabbus doirasida 400 nafar band boʻlmagan yoshlar ish bilan taʼminlandi.
Tuman markazidan uzoqda joylashgan hududlarda, shu jumladan, togʻli hududlarda yashovchi uyushmagan yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida masʼuliyati cheklangan jamiyatlar tashkil qilinmoqda. Kooperatsiya asosida 991 gektar bodom ekilishi rejalashtirilib, har bir band boʻlmagan yoshga 1 gektardan biriktiriladi. Bu bilan 991 nafar yosh ish bilan taʼminlanadi.
50 gektar pista ekish uchun yer ajratilib bu sohada ham 50 nafar ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, 325 gektar maydonda eksportbop yongʻoq koʻchatlari tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida Turkiya davlatidan olib kelinmoqda. Natijada 325 nafar band boʻlmagan yosh ishli boʻladi. 165 gektar maydonda eksportbop qovun navlari ekilishi natijasida 165 nafar yosh ish oʻrniga ega boʻladi.
Shuningdek, 50 gektar maydonga “lazani” navli pomidor, 30 gektar koʻkatlar ekilmoqda va yetishtirilgan hosil toʻliq eksportga yoʻnaltiriladi. Bu sohada ham 100 ga yaqin yosh ish bilan taʼminlanadi.
Tumandagi “Chiroqchi klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Koʻkdala hududida zamonaviy tikuvchilik korxonasini tashkil etish boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan. Mazkur loyiha joriy yilning sentyabr oyida ishga tushadi. Bu 250 nafar qizni ish bilan taʼminlash imkonini beradi.
Shuningdek, “Chiroqchi klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilda xarid qilinishi belgilangan 50 ta chopiq, 10 ta haydov traktorlari va 9 ta paxta terish mashinalarini boshqarish uchun band boʻlmagan yoshlarni ishga olish koʻzda tutilgan.
Tumanda band boʻlmagan yoshlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida ularda dastlabki tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, meva-sabzavotchilik, tikuvchilik, qishloq xoʻjaligi texnikalarini boshqarish boʻyicha qisqa oʻquv kurslarini tashkil etish belgilangan.
Mazkur tadbirlarni amalga oshirish natijasida 2 ming 350 nafar yoshlar ish bilan taʼminlanadi.