Ikki mingdan ortiq lift yangilanadi (+video)
Tasdiqlangan dasturlarga asosan 2021-2023 yillarda mamlakatimiz hududlari bo‘ylab, 1 686 ta lift yangilangan, 2024 yilda esa mahalliy byudjet hisobiga yana 528 ta liftni yangilash ishlari yakunlanmoqda. Kelgusi yillarda esa 2 001 ta liftni yangilash ko‘zda tutilgan. Bu yuzasidan 23-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida liftlardan foydalanish xavfsizligi va ularni nazorat qilish tizimiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda boshqa idoralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Anjumanni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bosh boshqarmasi rahbari ochib berib, qo‘mita tomonidan respublikada liftlardan foydalanish bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish va bu bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’ruza qildi.
Ta’kidlanishicha, 2022-2024 yillar davomida ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan 983 ta liftlarda montaj ishlarida turli kamchiliklar aniqlangan, shulardan 102 ta liftda ishlar to‘liq yakuniga yetkazilmagan. Ma’ruzachilar liftlardan foydalanishdagi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tizimli yangilanishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlashdi. Jumladan, respublika bo‘ylab liftlar o‘rnatuvchi tashkilotlar uchun o‘quv profilaktik seminarlar tashkil etilgan.
Shu bilan birgalikda, “Xavfsiz lift” yagona idoralararo platformasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u orqali barcha liftlar real vaqt rejimida monitoring qilinadi.
2021-2023 yillarda 1 686 ta lift yangilangan, 2024 yilda esa mahalliy byudjet hisobiga yana 528 ta liftni yangilash ishlari yakunlanmoqda. Kelgusi yillarda esa 2 001 ta liftni yangilash rejalashtirilgan.
2024 yilning may-noyabr oylarida import qilingan 727 dona liftdan 61 foizi texnik reglament talablariga javob bermagani sababli sertifikatlashtirilmagan. Bundan kelib chiqib, Yevropa Ittifoqi tajribasiga asoslangan “Liftlarning xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglament loyihasi ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Anjumanda liftlarni ekspluatatsiya qilish jarayonidagi muammolarni bartaraf etish, aholining xavfsizligini ta’minlash va ularning daxldorlik hissini oshirish maqsadida qator tadbirlar belgilandi.
Ta’kidlanishicha, liftlarni muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ularning sifatini nazorat qilishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gxMeF-AT8yk" title="Ikki mingdan ortiq lift yangilanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tadbir davomida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, A.Ahmedov, O‘zA