Qaror va ijro
Ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogiron, beva-bechora, qarovchisi yo‘q, ota-onasidan erta mahrum bo‘lgan yoki ularning qaramog‘idan chetda qolganlar holidan xabardor bo‘lish, og‘irini yengil qilish, ularga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish kabi insoniy fazilatlar doimo qadrlangan.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 sentyabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tomonidan qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan 2023 yilning 1 iyun sanasidan tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyat ko‘rsatib keladi. Ushbu markaz xodimlari asosan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz qariyalarga, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga, ota-onasidan erta mahrum bo‘lgan yoki ularning qaramog‘idan chetda qolgan, shuningdek, vasiylikka yoki homiylikka berilgan voyaga yetmagan bolalarga amaliy yordam bermoqda.
– Prezidentimizning 2023 yil 28 sentyabrdagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bugun “mahalla yettiligi” ish olib bormoqda, – deydi G‘allaorol tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bosh mutaxassisi Baxtiyor Esonov. – O‘z-o‘zidan ularga yuklatiladigan vazifalar qamrovi kengayib, mas’uliyat bir necha barobar ortdi. Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish borasida markazimiz xodimlari faol ishlamoqda.
[gallery-15758]
Markazda “keys menejment” atamasi paydo bo‘ldi. Soddaroq tilda aytganda, bu atama “ijtimoiy ish ochish” bilan unga kompleks xizmatlarni ko‘rsatishdan iboratdir. Tumanimizda 35 ta qishloq va mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, aholi sonidan kelib chiqib, ularga 26 nafar ijtimoiy xodim biriktirilgan. Ular o‘zlari biriktirilgan mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar borligi to‘g‘risidagi ro‘yxatni shaklantirgan. Bu fuqarolarning imkoniyati cheklangan, ular hammasi ham markazga kelolmaydi. Ijtimoiy xizmat xodimi o‘sha fuqaroning nimaga ehtiyoji bor ekanligini aniqlaydi va uning muammolarini bartaraf etish choralarini ko‘radi.
G‘allaorol tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, hududda 56 nafar “yakka-yolg‘izlar reyestri”ga kirish uchun talabgorlar o‘rganib chiqilgan va ularning hujjatlariga aniqlik kiritish, tibbiy ko‘rigini tashkillashtirish, yaqinlari bilan aloqalarini tiklash bo‘yicha ham bir qator xayrli ishlar olib borilgan.
Joriy yilning 1 fevraliga qadar tumanda istiqomat qiluvchi 96 nafar fuqaro reabilitatsiya vositasi, 13 nafar fuqaro esa protez-ortopediya moslamasi uchun sertifikat bilan ta’minlangan. 98 nafar fuqaroga sanatoriyda davolanish uchun yo‘llanma berilgan.
– Birinchi oilamdan farzand ko‘rmadim, – deydi tumandagi “Baxt” MFYda istiqomat qiluvchi yakka-yolg‘iz Sofiya Sultonova. – Oilasi vafot etgan kishiga turmushga chiqdim. U betob bo‘lib vafot etdi. O‘gay o‘g‘illarim otasi hayotligida uylangan edi. Qizlarini o‘zim turmushga berdim. O‘g‘illar menga qarashni istashmadi. Keyin shu yerga ko‘chib kelib, 30 yildan beri yolg‘iz yashayman. Inson keksaygandan so‘ng, kasallik boshlanar ekan. Muntazam ravishda dori-darmon ichib turaman. Yaqinda shu G‘allaoroldagi xususiy shifoxonada davolanib chiqdim. Tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan shifoxona hisobiga 1 million 300 ming so‘m tushirib berildi. Qolgan qismini o‘zim to‘ladim. Ijtimoiy xizmat xodimi Nargizadan juda minnatdorman. Har kuni kelib mendan xabar olib turadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3v0je8JN7XE" title="Ijtimoiy xizmat markazi xodimlarining xayrli ishlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, tumanda 215 nafar vasiylik va homiylikka olingan voyaga yetmagan bolaning shart-sharoitlari o‘rganilib, 8 nafar ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmagan bolaga vasiylik va homiylik belgilash uchun, 47 nafariga esa vasiyligini bekor qilish bo‘yicha ma’lumot kiritilganligi aniqlangan. 14 nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan fuqaro monitoring qilinib, 2 nafar fuqaroga yuridik yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 53 nafar “yakka-yolg‘izlar reyestri”dagi fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, shundan davolanishga muhtoj 6 nafarining bepul davolanishi ta’minlangan.
Bulardan tashqari, 13 nafar ehtiyojmand fuqaroga soliq imtiyozi qo‘llanilishi ta’minlanib, 234 nafar muayyan mehnat bilan shug‘ullanish bo‘yicha tavsiya berilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligi monitoring qilingan. Ushbu monitoringlar davomida 44 nafari ishlayotgani, 10 nafarining ishlash istagi borligi aniqlanib, bu fuqarolar kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirilgan.
She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning “Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha bor kim Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay” degan ajoyib misralari bugungi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlarining ishlariga eng munosib bahodir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat), O‘zA muxbirlari