Bugungi kunda bir-biriga bog‘langan va internetga oson kirish imkonini beruvchi texnologiyalardan kundalik hayotda keng foydalanilmoqda. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy aloqalar uchun kibermakonga tobora ko‘proq bog‘lanib boryapmiz. Albatta, buning ham yaxshi va yomon tomonlari bor.
Mutaxassislarning izlanishlari natijasi shuni ko‘rsatadiki, keyingi paytlarda jinoyatchilar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq vaqt o‘tkazmoqda. Chunki endi jinoyat, jumladan, o‘g‘rilik qilmoqchi bo‘lgan shaxs «o‘lja»si haqidagi barcha ma’lumotni ijtimoiy tarmoqlardan olishi mumkin. Boisi, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ba’zilari ushbu dasturlarning o‘zida belgilab qo‘yilgan ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi sozlamalardan ham foydalanmaydi. Ayniqsa, moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining tavsiyalariga ko‘ra, bank karta ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmagan ma’qul.

Birinchi navbatda, bu bank kartasining rasmiga taalluqli. Agar biror inson kartasiga pul o‘tkazmasini kutayotgan bo‘lsa, unga karta raqamlarini yozib yuborishdan ko‘ra, rasmga olib yuborish qulayroq, albatta. Biroq bu xavfli. Kartadan kartaga pul mablag‘larini o‘tkazish uchun 16 talik raqamni bilish kifoya.
Ikkinchidan, asosiy bank kartani onlayn xaridlar uchun ishlatmagan ma’qul. Internet orqali xaridlarni amalga oshirishda asosiy bank kartangizdan, ayniqsa, oylik maoshingiz tushuvchi kartadan foydalanish maqsadga muvofiq emas. Bunday xaridlarni amalga oshirishda virtual bank kartalaridan yoki elektron hamyondan foydalanish tavsiya etiladi.
Uchinchidan, maxfiylik va ikki tomonlama autentifikatsiya sozlamalarini yoqib qo‘yish kerak.

Agar ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizdan faqat do‘stlaringiz bilan muloqot qilish uchun foydalansangiz, unda o‘z sahifangizni begonalar kuzatmasligi uchun maxfiylik sozlamasini yoqib qo‘yganingiz ma’qul.
Bu shaxsiy va muhim ma’lumotlar tarqalishining oldini oladi. Bunday sozlamalar deyarli barcha ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarda mavjud.
Ijtimoiy tarmoqdagi sahifaning xavfsizlik darajasini oshiruvchi yana bir vosita ikki tomonlama autentifikatsiya hisoblanadi. Bunda paroldan tashqari ijtimoiy sahifaga kirish uchun yana bitta tasdiq kod, jumladan, qo‘shimcha parol, SMS xabarnoma orqali kelgan kod kerak bo‘ladi.
To‘rtinchidan, ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy profilingizdan chiqib keting.
Agar siz boshqa bir qurilmadan ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga kirgan bo‘lsangiz, foydalanib bo‘lganingizdan so‘ng undan chiqib ketishni unutmang. Hatto bu siz ishongan insonning telefon qurilmasi yoki kompyuteri bo‘lsa ham. Ushbu qurilmalar notanish insonlar qo‘liga tushib qolishi mumkin va bunda sizga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar xavf ostida qoladi.
Ba’zi internet brauzerlari parolni eslab qolishni taklif qiladi. Bu foydalanuvchining ishini osonlashtiradi, ayniqsa, bir vaqtning o‘zida ko‘plab saytlarga kirish talab etilsa. Ammo ushbu operatsiyadan ehtiyot bo‘ling, chunki qurilmangiz yo‘qolgan taqdirda, firibgarlarda ma’lumotlaringizdan foydalanish imkoni paydo bo‘ladi. Shuning uchun parolni avtomatik saqlab qolish funksiyasidan faqatgina kompyuteringiz himoyalangan taqdirda foydalanish tavsiya etiladi.
Beshinchidan, profildan ma’lumotlarni saqlash ombori sifatida foydalanmagan ma’qul.
Ijtimoiy tarmoqlar matnli xabarlar, hujjatlar, videolar va shu kabi boshqa ma’lumotlarni saqlash va uzatish uchun bepul imkoniyatni taqdim etadi. Biroq shuni esda tutingki, ma’lumotlar firibgarlarning qo‘liga tushib qolish xavfi mavjud. Shu sababli, quyidagi ma’lumotlarni saqlash va uzatishdan saqlanish kerak.
Xususan, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, ko‘char/ko‘chmas mulk hujjatlari, mobil banking va banklarning mobil ilovalariga kirish uchun login va parollar hamda elektron bilet, yo‘llanmalar va boshqalar.
Oltinchidan, profilingizdagi ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat so‘raydigan veb-saytlardan ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifangiz orqali ro‘yxatdan o‘tmang. Ayrim veb-saytlar so‘rovlarda qatnashish, izoh qoldirish yoki test natijalarini bilish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali ro‘yxatdan o‘tishni taklif qilishi mumkin.
Rasm va videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdan oldin quyidagilarga e’tibor bering. Jumladan, ma’lumotlarning muhimliligi – ijtimoiy tarmoqqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning fotosuratlari, videolarini joylashtirmang. Turgan joy – firibgarlar yashash joyingiz, ish joyingiz, bolalar boradigan maktab haqida ma’lumot olishlari mumkin. Fon, fotosurat va videoda muhim ma’lumotlar, masalan, avtomobil raqamlari mavjud emasligiga e’tibor bering.
Yettinchidan esa notanish odamlar tomonidan yuborilgan xabarlarda keltirilgan noma’lum havolalarga kirmang. Tanlovlarda pul, gadjet yoki boshqa sovrin yutish haqida yuborilgan elektron xatlardagi havolalarni bosmang. Ayniqsa, begona saytlarga bank kartasi ma’lumotlarini kiritmang. Bank kartangizga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan firibgarlar pul mablag‘laringizni o‘g‘irlashi mumkin.
Shunday qilib, ijtimoiy tarmoqlarga odamlar qanday ma’lumotlar joylashi va uning xavfsizligi masalasi foydalanuvchilarning o‘ziga bog‘liq bo‘lmoqda. Huquqiy jihatdan kibermakonni tartibga solish masalalari faqat O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida», «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida», «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi qonunlaridagina ko‘rib chiqilgan. Ammo ushbu qonun hujjatlarida aynan ijtimoiy tarmoq tushunchalari va shu tizimlarda ma’lumotlar xavfsizligi masalalari yoritib berilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan ko‘p hollarda veb-saytlar yoki axborot resurslari haqidagi qoidalar qo‘llanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA